Italiya bosh vaziri Jorja Meloni hukumat maktablarda burqa va nikob kiyishni taqiqlash, shuningdek, sinflarda xorijlik o‘quvchilar sonini cheklashni nazarda tutuvchi qonun loyihasini tayyorlayotganini ma’lum qildi. Bu haqda u o‘z partiyasi — «Italiya birodarlari»ning yoshlar qanoti tadbirida aytdi.
«Italiyada maktabga yuz ochiq holda borish kerak. Hech kim haqiqiy yoki taxmin qilingan an’anani bahona qilib, yosh ayol o‘zini yashirishi kerak, deb qaror qabul qila olmaydi», — dedi hukumat rahbari.
Bundan tashqari, hukumat «integrasiyada jiddiy qiyinchiliklarga duch kelayotgan» xorijlik o‘quvchilarning ota-onalarini italyan tilini o‘rganishga majburlashni rejalashtirmoqda.
Yana bir chora sifatida bir sinfdagi xorijlik o‘quvchilar soniga cheklov joriy etiladi. Bosh vazirning ta’kidlashicha, italyan tilini bilmaydigan bolalar «haddan tashqari ko‘payib ketsa», integrasiya jarayoni o‘z samarasini yo‘qotadi. Meloni hozircha aynan qanday limit belgilanishini aniqlashtirmadi.
Tadqiqot markazi ISMU ma’lumotlariga ko‘ra, Italiya fuqaroligiga ega bo‘lmagan o‘quvchilar mamlakatdagi barcha maktab o‘quvchilarining 11,6 foizini tashkil qiladi.