Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu va mudofaa vaziri Israel Kasning ma’lum qilishicha, mazkur zarbadan ko‘zlangan maqsad “Hizbulloh” guruhining “Radvan” kuchlari qo‘mondonini yo‘q qilish bo‘lgan. Ta’kidlanishicha, ushbu bo‘linma Isroil aholi punktlarini o‘qqa tutish va harbiylarga zarar yetkazish uchun javobgardir.
Biroq Isroil harbiylari yoki “Hizbulloh” guruhi qo‘mondonning yo‘q qilinganini hali rasman tasdiqlaganicha yo‘q.
Aprel oyi oxirida Netanyahu Livandagi “Hizbulloh” nishonlariga kuchli zarba berish haqida buyruq bergani xabar qilingan edi. Isroil rasmiylari ushbu qarorni guruh tomonidan o‘t ochishni to‘xtatish rejimining buzilishi bilan izohlashgan.
Bu Isroilning so‘nggi bir oy ichida Bayrutga yo‘llagan ilk zarbasi. Avvalgi hujum 8 aprel kuni amalga oshirilgan edi, 16 aprelda esa Isroil va Livan o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha vaqtinchalik kelishuvga erishgan edi.