Rossiyaning Irkutsk viloyatida Irkutsk o‘latga qarshi kurash instituti xodimi Darya Shipilovaning vafoti munosabati bilan «profilaktik chora-tadbirlar majmuasi» yakunlandi, deb xabar berdi gubernator Igor Kobzev. Uning so‘zlariga ko‘ra, marhumda «shifoxonadan tashqari pnevmoniya» bo‘lgan.
Mulozimning aytishicha, Shipilova emlangan bo‘lib, «o‘zi ishlagan xavfli infeksiyalarga nisbatan immunitetga ega bo‘lgan». Kobzevning ta’kidlashicha, rasmiylar institutda «patogen mikroorganizmlar bilan ishlashda avariya holati» yuz berganini aniqlamagan. Bundan tashqari, mutaxassislar Shipilova bilan muloqotda bo‘lgan barcha shaxslar ustidan olib borilgan tibbiy kuzatuvni yakunlagan va ularning salomatligida hech qanday o‘zgarish qayd etilmagan.
«Irkutsk va Shelexov shaharlarida sanitariya-epidemiologik vaziyat barqaror. <…> Axborot bosimi sharoitida mutaxassislar vaziyatni sinchiklab o‘rganib chiqdi. Bu sinov edi, biroq biz undan yorug‘ yuz bilan o‘tdik», dedi Kobzev.
«Rospotrebnadzor» ham Irkutsk viloyatida aholi salomatligi uchun hech qanday xavf yo‘qligini, mintaqadagi sanitariya-epidemiologik holat «barqaror» ekanini qo‘shimcha qildi.
2 oktyabrga o‘tar kechasi Irkutskning yo‘ldosh shahri Shelexovda o‘latga qarshi ilmiy-tadqiqot institutining 28 yoshli xodimi Darya Shipilova vafot etdi. Shundan so‘ng rasmiylar u bilan muloqotda bo‘lgan 200 ga yaqin kishini karantinga oldi. «Lyudi Baykala» nashrining xabar berishicha, Irkutskdagi bir nechta shifoxona karantinga yopilgan. OAV va ijtimoiy tarmoqlarda marhum o‘zi ishlagan laboratoriyada o‘pka o‘latini yuqtirib olib, vafot etgani haqida xabarlar tarqala boshladi. «Rospotrebnadzor» esa ayolning o‘limiga «etiologiyasi noma’lum pnevmoniya» sabab bo‘lganini rasman ma’lum qildi.