Birlashgan Arab Amirliklaridan xalqaro qidiruvda bo‘lgan olti nafar O‘zbekiston fuqarosi ekstradisiya qilindi. Ular turli og‘irlikdagi jinoyatlarni sodir etganlikda gumonlanib, Interpol kanallari orqali qidirilayotgan bo‘lgan.
Bu haqda Ichki ishlar vazirligi Interpolning O‘zbekistondagi Milliy markaziy byurosi ma’lumotiga tayanib xabar berdi.
Fuqarolarni qaytarish O‘zbekiston va BAAdagi Interpol milliy markaziy byurolari hamda ikki davlat vakolatli organlarining hamkorligida amalga oshirilgan. Zarur tartib-taomillar bajarilgach, olti nafar shaxs O‘zbekistonga ekstradisiya qilingan.
IIV ma’lumotiga ko‘ra, 2026 yil boshidan buyon Interpolning O‘zbekistondagi Milliy markaziy byurosi tashabbusi bilan BAAdan jami 16 nafar qidiruvdagi shaxs qaytarilgan.
Ikki davlat byurolari o‘rtasidagi axborot almashinuvi xorijda qidirilayotgan shaxslarning turgan joyini aniqlash va ularni qaytarish bo‘yicha harakatlarni muvofiqlashtirishga xizmat qilmoqda.
Xususan, Interpol Bosh Assambleyasi, milliy markaziy byurolar rahbarlari uchrashuvlari va boshqa xalqaro tadbirlarda erishilgan kelishuvlar ushbu hamkorlikni rivojlantirishga yordam bergan.
Rasmiy xabarda ekstradisiya qilingan fuqarolarning shaxsi va ular aynan qaysi jinoyatlarda gumonlanayotgani ochiqlanmagan.
Interpolning O‘zbekistondagi Milliy markaziy byurosi xorijda qidiruvdagi shaxslarni aniqlash va ularni qonunchilikda belgilangan tartibda mamlakatga qaytarish ishlarini davom ettirmoqda.