Bugun 19 iyun, 2025 yil, payshanba

КИР

Inson sog‘lig‘iga zararli illat!

A A A
Inson sog‘lig‘iga zararli illat!

Bugungi kunda insoniyat uchun yaratilgan sharoitlarni ko‘rib, ta’riflashga til ojiz. Yildan – yilga yangi maishiy va boshqa texnikalar ixtiro qilinmoqda.

Zamon bilan hamnafas bo‘lib yashayotgan insonlar yangidan-yangi ishlab chiqarilgan ne’matlardan bahramand bo‘lishmoqda. Albatta bu ne’matlar uchun Alloh taologa qancha shukrona qilsak ham kamlik qiladi. Agar oldingi davrlarni eslab ko‘rsak, qora-oq rangli televizorlar bo‘lib, u ham ayrim oilalarda bo‘lardi. Zamonning rivojlanishini ko‘ringki, bugungi kunda televizori bo‘lmagan oila bo‘lmasa kerak. Hattoki bir oilada ikki–uch yoki undan ziyod televizorlari bor. Bu albatta to‘qchilikning alomati. O‘sha davrlarda hozirgiga o‘xshash masofadan turib boshqarish imkoni bo‘lmasdi.

Shu sababli televizorni yoqish yoki boshqa kanalga olish uchun o‘rnimizdan turib boshqa kanalga olardik. Bugun esa yotgan joyimizni o‘zida yoqamiz, o‘chiramiz, boshqa kanalga olamiz, ovozini past yoki baland qilamiz. Shunchalik dangasa bo‘lib ketdikki, ba’zida masofadan turib boshqaradigan moslamani, ya’ni “pult”ni kimgadir olib ber, deymiz. Chunki, uni olish uchun o‘rnimizdan turishimiz va albatta bir-ikki qadam tashlashimiz kerak bo‘ladi. Achinarlisi shundaki, shomdan keyin xazm bo‘lishi qiyin bo‘lgan ovqatlarni iste’mol qilamiz va ko‘pincha televizor oldida uxlab qolamiz.

Harakatsizlikning oqibatida bora-bora semizlik dardiga mubtalo bo‘lamiz. Ulug‘ hakim Arastudan: “Sen nega sira kasal bo‘lmaysan, boshqalardan farqing nimada?” deb so‘rashganida u: “Boshqalar yeyish uchun yashashadi, men esa yashash uchun yeyman”, deb javob bergan ekan. Hozirgi paytda dunyoning hamma yerida yaxshi yeyish uchun yashash, yaxshi yeyish uchun pul topish avj olib ketgan. O‘tmishdagi va hozirdagi barcha mutafakkirlar, shifokorlar, taniqli xalq tabiblari ko‘p va tez-tez yeyishning oqibatida haddan tashqari semirib ketishning xatari va zararlari haqida yakdillik bilan yozishgan.

Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalom esa: “Men ummatimning semirib, qorin solishidan xavfdaman”, degan ekanlar. Taom iste’mol qilganda ham me’yorga amal qilish kerak. Ba’zida haddan ziyod to‘yib ovqatlanib, kechasi bilan qiynalib chiqamiz. Shu sababli Imom Ahmad va Imom Termiziy rivoyat qilgan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ogohlantirib: “Inson qornidan yomonroq idishni to‘ldirmaydi, odam bolasiga belni qoim qiladigan kichik luqma kifoyadir. Bas, qorinning uchdan biri taom, biri suv va qolgani nafas uchundir”, deb aytganlar.

Jahon mamlakatlari fuqarolarining semizlik darajasini ko‘rsatib beruvchi xarita AQShning Markaziy Razvedka Agentligining World Factbook (jahon haqida dalillar) elektron manbaasida e’lon qilingan. Unda jahonning “eng semiz mamlakati” degan nomga Tinch okeani janubida joylashgan Amerika Samoasi davlati munosib deb topilgan. Ma’lumotlarga ko‘ra, u yerlik aholining 74,6 foizi semirish dardiga mubtalo bo‘lgan.

Mazkur ro‘yxatga Markaziy Osiyo mamlakatlari ham kiritilgan. Xususan, ma’lum qilinishicha O‘zbekiston aholisining 15,1 foizi ortiqcha vaznga ega. Bu ko‘rsatkich Qozog‘istonda 23,7 foiz, Turkmanistonda 13,2, Tojikistonda 8,6, shuningdek Ozarboyjonda 23,8 foizni tashkil etadi. Tadqiqotlar zamonaviy turmush tarzi va qo‘shimcha kimyoviy moddalar asosida tayyorlanadigan zamonaviy oziq-ovqatlar semirishning bosh omili ekanini ko‘rsatmoqda.

Xulosa o‘rnida bugungi kunda ko‘payib borayotgan kasalliklarning aksari qismi noto‘g‘ri ovqatlanish yoki kam harakatlikning sababidan ekanligi hech kimga sir emas. Shu sababli xar birimiz o‘z sog‘lig‘imizga e’tibor berishimiz maqsadga muvofiq bo‘lsa kerak, deb o‘ylayman.

Manba: zamin. uz

 

Kiritildi: 18:31 22.09.2018. O'qildi: 1874 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!