So‘rovga ko‘ra, saylovchilarning 40 foizi «Amerika» partiyasini qo‘llab-quvvatlamoqda.
AQShda yangi siyosiy partiya — «Amerika» partiyasini tashkil etish bo‘yicha Ilon Maskning g‘oyasi jamoatchilikda qiziqish uyg‘otmoqda. Quantus Insights kompaniyasi o‘tkazgan so‘rov natijalariga ko‘ra, amerikaliklarning taxminan 40 foizi ushbu tashabbusni qo‘llab-quvvatlashga yoki unga ovoz berishga tayyor ekanini bildirgan.
So‘rovda aytilishicha, bu g‘oya ayniqsa yosh saylovchilar va respublikachi erkaklar o‘rtasida katta qiziqish uyg‘otgan. Biroq, qatnashchilarning 38 foizi partiya tashkil etilishiga qarshi ekanini aytgan, yana 22 foizi esa aniq fikr bildirmagan.
Tadqiqotchilarning ta’kidlashicha, ayrim saylovchilar mamlakatdagi hozirgi siyosiy tuzum o‘zini to‘liq ifoda etolmayotganini his qilmoqda. Shu bois ular yangi siyosiy kuchga ehtiyoj sezmoqda. Ayniqsa, yoshi katta saylovchilar va Demokratik partiya tarafdorlari bunday tashabbusga shubha bilan qaramoqda.
So‘rovnoma 30 iyundan 2 iyulgacha 1000 nafar AQSh fuqarosi o‘rtasida o‘tkazilgan bo‘lib, natijalarda statistik xato darajasi 3 foizni tashkil qiladi.
Mask ijtimoiy tarmoqda «Ruhlantiradi», deya o‘z munosabatini bildirgan. U iyun oyi oxirida yangi partiya tashkil etish masalasini yana ko‘tarib chiqqan edi. Uning «Amerika» partiyasi g‘oyasi, asosan, Donald Tramp tomonidan taklif etilgan federal xarajatlarni qisqartirishga oid qonun loyihasiga qarshi chiqish natijasida vujudga kelgan.