Bugun 16 avgust, 2025 yil, shanba

КИР

Hisob – 1:0! Tramp–Putin uchrashuvida kimning qo‘li baland keldi?..

Hisob – 1:0! Tramp–Putin uchrashuvida kimning qo‘li baland keldi?..

AQSh va Rossiya prezidentlari – Donald Tramp hamda Vladimir Putinning 15 avgust kuni Alyaska shtatida bo‘lib o‘tgan uchrashuvini butun dunyo kuzatdi: Ukraina bosqiniga qarshi bo‘lgan davlatlar xavotiru hadik bilan, Rossiyaga xayrixoh va do‘st bo‘lgan mamlakatlar esa mamnunlik bilan.

Avval xabar berganimizdek, ikki davlat rahbari ishtirokidagi qariyb 3 soatlik muzokara amaliy natijasiz yakunlandi. Ukrainada o‘t ochishni to‘xtatish borasida jillaqursa muvaqqat kelishuvga ham erishilmadi.

Muzokaradan keyingi matbuot anjumanida Rossiya prezidenti Vladimir Putin Ukraina urushini to‘xtatish uchun “ziddiyatning birlamchi omillarini bartaraf etish kerak”ligini aytdi. Sir emas, Moskva Ukraina oldiga qabul qilib bo‘lmas talablar qo‘yib keladi.

Prezident Tramp rossiyalik hamkasbi bilan muzokarani ijobiy baholadi. U hatto Fox News telekanaliga bergan intervyusida Putin bilan uchrashuvga 10 ballik tizimda 10 ball qo‘yishini aytib maqtandi. Ammo aksar tahlilchilar Alyaskadagi uchrashuv amaliy natija bermagani holda Putinga katta ochko keltirgani haqida yozmoqda.

Hisob – 1:0! Tramp–Putin uchrashuvida kimning qo‘li baland keldi?..

Prezidentlar bir mashinada yonma-yon ketmoqda. Foto: NBC News

Tramp Putinni aeroportda qiziq gilam to‘shalgan yo‘lakda shaxsan kutib oldi va qo‘lini qisgan ko‘yi unga hurmat bildirdi. So‘ng Tramp Putinni o‘z limuziniga taklif etdi. Shu tariqa Tramp va Putin yaqin qadrdonlar kabi AQSh prezidentining xizmat ulovida muzokara zali tomon yo‘l olishdi.

Ma’lumki, Xalqaro jinoyat sudi Putinni 2023 yilda harbiy jinoyatlarda ayblagan va hibsga olishga order bergan edi. Umuman, Rossiya rahbari Ukrainaga qarshi tajovuzkorona harakatlar sabab so‘nggi yillarda xalqaro hamjamiyat tomonidan deyarli yakkalab qo‘yilgani ma’lum. Shunga ko‘ra, Putinning AQShda dabdaba bilan kutib olingani Yevropa davlatlari hamda Ukraina tomonidan noxush qarshilandi.

BBC nashrining yozishicha, garchi Alyaskadagi uchrashuvda o‘t ochishni to‘xtatish borasida kelishuvga erishilmagan bo‘lsa-da, Putinning asosiy murodi hosil bo‘ldi: Tramp 2015 yildan buyon AQSh tuprog‘iga qadam qo‘ymagan Putinni yuksak hurmat bilan qarshi olib, uni yana xalqaro siyosatga qaytardi.

Sky News ham shunday pozisiyada.

“Putin Amerika zaminida buyuk davlatga teng hamkor sifatida qarshi olindi. Qizil poyandoz, qo‘l berish ko‘rishish, havo paradi... Faqat Shimoliy Koreyagina harbiy jinoyatlarda ayblanayotgan shaxsni ana shunday kutib olishi mumkin edi. Tramp Rossiya prezidantini sanksiya o‘rniga davlat tashrifi bilan siyladi. Yakkamoxov teng hamkorga aylandi”, – deb yozdi Sky News muxbiri Ayvor Bennett.

AQSh diplomatiyasining faxriylaridan biri, Davlat departamenti tizimida 40 yil faoliyat yuritgan Deniyel Fridga ko‘ra, muzokaralarda Putin Trampga biror masalada yon bermadi.

“Tramp o‘zini ustun pozisiyada ko‘rsatishga urindi, ammo u biror natijaga erisholmadi. (Ushbu sammitni o‘tkazish) g‘oyasi (AQSh prezidentining maxsus vakili Stiv) Uitkoffning Kreml (Ukrainada urushni to‘xtatish bo‘yicha) kelishuvga tayyor degan xato hisoboti sabab paydo bo‘ldi. Yo Putin barchani atayin chalkash xulosaga yetakladi, yoki Uitkoff uni noto‘g‘ri tushundi. Ammo Rossiya bitimga tayyor emasligi aniq edi”, – deydi Deniyel Frid.

Ukrainaning AQShdagi sobiq elchisi Valeriy Chaliy ham “tinch aholi vakillarini o‘ldirayotgan” Putinga bu qadar yuksak ehtirom ko‘rsatilganini “nafratga loyiq ish” deb atagan.

Tramp tinchlik bitimi imzolanmasa, Rossiyaga qarshi qaqshatqich sanksiya joriy etishi haqida bayonot berib keladi. Ammo uchrashuvdan keyin u hozircha Moskva va uning savdo hamkorlariga moliyaviy cheklov kiritmasligini aytdi. Ekspertlar nazdida, bu ham muzokaralarda Putinning qo‘li baland kelganidan dalolat beradi.

Muzokaralarda ham, matbuot anjumanida ham Tramp Ukraina zulm ko‘rayotgani, jumladan, mamlakatda Rossiya bombalari sabab tinch aholi vakillari halok bo‘layotgani haqida bir og‘iz ham gapirmadi. Bu ham Kremlning yutug‘i deb talqin etilmoqda.

Hisob – 1:0! Tramp–Putin uchrashuvida kimning qo‘li baland keldi?..

Alyaska sammiti DW karikaturachisi talqinida.

Xalqaro xavfsizlik bo‘yicha Myunxen konferensiyasining sobiq rahbari, Germaniyaning AQSh va Buyuk Britaniyadagi sobiq elchisi Volfgang Ishinger ham Alyaskadagi uchrashuvda “Uloq Putinda ketdi” deb hisoblaydi.

“Biror bir real natija yo‘q. Hisob Putin foydasiga hal bo‘ldi: 1-0. Rossiyaga qarshi yangi sanksiya yo‘q. Ukraina uchun ham foyda yo‘q. Yevropaning esa hafsalasi pir bo‘ldi”, – deydi Volfgang Ishinger.

Evropa parlamentining mudofaa qo‘mitasi raisi Mari-Agnes Shtrak-Simmerman esa “urush ochib, boshqa davlat hududini bosib olayotgan” Rossiya rahbariga Oq uy tomonidan iltifot ko‘rsatilishini “kompasning buzilishi” deya talqin etgan.

Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiyning joriy yil 28 fevral kuni Vashingtonda prezident Tramp bilan uchrashuvi misli ko‘rilmagan diplomatik mojaro bilan yakunlangandi. OAV vakillari qarshisidagi tortishuv ortidan rejalashtirilgan muzokara va bitim imzolash marosimi bekor qilingan, Tramp ma’muriyati Ukraina delegasiyasidan zudlik bilan Oq uyni tark etishni talab qilgan, darg‘azab mezbon hatto mehmonni kuzatib qo‘yishga ham chiqmagan edi.

NBC News Trampning Zelenskiyga o‘sha “mehmonnavozligi”ni yodga olar ekan, Oq uy xo‘jayini bu gal rossiyalik hamkasbiga o‘zgacha hurmat ko‘rsatganini qayd etdi.

2016 yilgi prezident saylovida Trampga raqib bo‘lgan Hillari Klinton Trampni Ukraina borasida Rossiyaga yon bermaslikka chaqirdi.

“Tramp bugun AQShga do‘st bo‘lmagan shaxs bilan uchrashishini tushunishi kerak. U Amerikani yo‘q qilish va G‘arb koalisiyasiga barham berishni ko‘zlagan raqib bilan uchrashmoqda”, – deb ogohlantirdi H.Klinton.

Juma kungi muzokara yakunida Putin Trampni kelgusi safar Moskvada uchrashishga da’vat etdi. Axios nashri Putin ushbu taklifni ingliz tilida bildirganiga e’tibor qaratgan. Putin har doim ham inglizcha gapirmaydi, deb eslatadi Axios.

Ma’lumot o‘rnida: Tramp Putin bilan uchrashuvdan keyin Zelenskiy va Yevropa yetakchilari bilan telefonda suhbatlashdi.

Trampga ko‘ra, endilikda Ukraina bo‘yicha kelishuvga erishish Zelenskiy va Yevropa davlatlariga bog‘liq.

AQSh rahbari bugun tunda yozgan postida Ukrainada muvaqqat otashkesimga erishish emas, balki urushni butkul to‘xtatish muhim ekanini ta’kidlagan.

Evropa Ittifoqi va Buyuk Britaniya yetakchilari Alyaskadagi uchrashuvdan keyin bergan bayonotda esa endilikda Ukraina prezidenti Zelenskiy ishtirokida uch tomonlama sammit o‘tkazish muhimligi urg‘ulangan. Ta’kidlanishicha, Ukrainada xunrezlik to‘xtamas ekan, YEI va Buyuk Britaniya Rossiyaga bosim o‘tkazishda davom etadi, sanksiya va iqtisodiy cheklovlar ham kuchaytiriladi.

CNN tarqatgan so‘nggi xabarlarga qaraganda, Tramp Yevropa yetakchilari bilan Ukrainaga NATOning 5-moddasiga o‘xshash xavfsizlik kafolati taqdim etish imkoniyatini muhokama qilmoqda. Rossiya bilan tinchlik bitimi tuzilgan taqdirda, Ukrainaga AQSh va Yevropa tomonidan xavfsizlik kafolati berilishi mumkin. Hozircha kafolat qay tarzda, qanday shartlar asosida berilishi ma’lum emas.

Kiritildi: Bugun 17:04. O'qildi: 1794 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!