Bundesver (Germaniya Qurolli Kuchlari) xavfsizlik nuqtai nazaridan Shimoliy Iroqdagi kontingenti sonini sezilarli darajada kamaytirmoqda.
Bu haqda Der Spiegel jurnali xabar berdi.
Nashrda Germaniya Qurolli Kuchlarining operasion qo‘mondonligi Erondagi vaziyatning keskinlashishi tahdidiga javob berayotgani ta’kidlangan. Missiya uchun muhim bo‘lmagan shaxsiy tarkib ehtiyot chorasi sifatida Iroqdan olib chiqilgan. Biroq, Bundesver vakili olib chiqilgandan keyin ishtirok etgan kuchlar soni yoki qolgan kontingent haqida izoh berishdan bosh tortdi.
Bundestagga yuborilgan xabarnomada ushbu xavfsizlik chorasi "AQSh va Eron o‘rtasidagi keskinlikning yanada kuchayishi" bilan oqlanadi. Yanvar oyi oxirida Shimoliy Iroq uchun tahdid darajasi "Eron bilan harbiy to‘qnashuv xavfining ortib borishi" tufayli oshirildi, deb ta’kidlaydi Der Spiegel. So‘nggi vaziyat hisobotida AQSh qo‘shinlari bilan bazalardan birgalikda foydalanish Bundesver uchun "bilvosita tahdid" tug‘dirishi ta’kidlangan.
Germaniya hukumati ushbu missiyani 2015 yilda, IIKQ terroristik guruhi Suriyaning katta qismini va Iroqning bir qismini nazoratga olganida boshlagan. Bundesver Iroq xavfsizlik kuchlarini, asosan yuqori lavozimli harbiy xizmatchilarni guruhga qarshi kurashish uchun o‘qitib kelmoqda.
Yaqinda Iroq va Iordaniyadagi missiya uchun Bundesver kontingenti taxminan 300 kishidan iborat edi. Biroq, bu xodimlarning aksariyati Iordaniyada joylashgan bo‘lib, u yerda Germaniya havo kuchlari ko‘p yillar davomida dala lagerini boshqarib kelmoqda va xalqaro terrorizmga qarshi koalisiyani, jumladan, tanker samolyotlari bilan qo‘llab-quvvatlamoqda.