Bugun 17 fevral, 2026 yil, seshanba

КИР

Germaniya mushkul tanlov qarshisida

Germaniya mushkul tanlov qarshisida

Germaniyada keksa aholi soni oshib borayotgan bir paytda pensiya yoshini 70 yoshga oshirish taklif etilmoqda. Bu hukumat uchun mushkul tanlovdir. Negaki, pensiya yoshi ko‘tarilishi bilan ijtimoiy himoya talablari savol ostida qoladi.

Xristian-demokratik ittifoq (XDS) va Xristian-sosial ittifoqning (XSI) parlamentdagi fraksiyasi yetakchisi Yens Shpanga ko‘ra, demografik qaltis vaziyatga javob chorasi sifatida pensiya yoshini oshirish maqsadga muvofiqdir.

23 fevral kuni bu borada ekspertlar komissiyasi yig‘ilishi o‘tkazilishi va pensiya yoshini oshirish imkoniyatlari muhokama etilishi kutilmoqda. Olimlar va siyosatdonlardan iborat hay’at yil o‘rtalarida yakuniy xulosa taqdim etadi.

Masala o‘ta hassos ekani inobatga olinsa, bu boradagi muhokamalar va qonunchilik jarayoni bir necha oydan bir necha yilga qadar cho‘zilishi mumkin.

“Yoshingiz 100 ga to‘lar ekan, 60 yoshda ishlashni to‘xtatishingiz to‘g‘ri emas. Bugun dunyoga kelgan har ikki qizaloqdan biri 100 yoshga qadar yashashi mumkin”, – deydi XDS va XSI fraksiyasi rahbari Yens Shpan.

Germaniya federal statistika idorasi tahlillariga qaraganda, 2024 yilda tug‘ilgan qizaloqlarning o‘rtacha umr ko‘rsatkichi 83,5 yoshni, o‘g‘il bolalarniki esa 78,9 yoshni tashkil etadi. Mazkur ko‘rsatkich 100 yoshga yetishi uchun ma’lum vaqt talab etiladi.

2024 yilda erkaklar va ayollarning o‘rtacha pensiya ko‘rsatkichi 64,7 yoshga to‘g‘ri kelgan.

So‘nggi vaqtlarda Germaniyada keksalarning nafaqaga chiqish vaqti tobora ortga surilmoqda. 2024 yilda 68 yoshga kirgan keksalarning 16 foizi ishlashda davom etgan. Holbuki, o‘n yil avval bu 11 foizni tashkil etar edi.

Shu tariqa hozirda qonunan belgilangan pensiya yoshi 67 ga qadar o‘smoqda.

Siyosatdonlar fikricha, keksalar armiyasi kengayib borayotgan bir paytda byudjet zo‘riqishini ularning ish vaqti va pensiya yoshini oshirish orqali yengillashtirish mumkin.

Germaniya Yevropa Ittifoqidagi eng keksa ishchi kuchiga ega. 2024 yilda olmon o‘lkasida mehnat yoshidagi (15 dan 64 gacha) aholi qariyb 41 million kishini tashkil etgan bo‘lsa, ularning qariyb 10 million nafari 55-64 yoshdagilardir. Ya’ni keksa ishchi kuchi allaqachon 24 foizga yetgan.

Darvoqe, mehnat bozorida talab ortayotgan bir paytda Germaniya O‘zbekiston bilan ham ishchi kuchi borasida hamkorlikni kuchaytirmoqda.

Avval xabar berganimizdek, Germaniya kansleri Olaf Sholsning 2024 yil 15-16 sentyabr kunlari Samarqandga tashrifi chog‘ida bir qator muhim hujjatlar qatorida Migrasiya va mobillik sohasida har tomonlama sheriklik to‘g‘risida hukumatlararo bitim ham imzolangandi.

Germaniya ko‘plab sohalarda o‘zbekistonlik malakali ishchilarni chorlayotir.

Kiritildi: Bugun 20:22. O'qildi: 411 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!