Germaniya kansleri Fridrix Mers Berlinda Yevropa Kengashi raisi Antoniu Koshta bilan uchrashuvdan so‘ng Moskva Ukrainadagi urushni yakunlash bo‘yicha jiddiy muzokaralarga tayyor ekanini ko‘rsatuvchi belgilarni hozircha ko‘rmayotganini bildirdi.
Mersning ta’kidlashicha, Germaniya diplomatik yechimga erishishga intilishda davom etadi. Biroq uning fikricha, Moskva muzokaralarga tayyorligini namoyish etmayotgan ekan, urushni diplomatik yo‘l bilan yakunlash imkoniyati cheklanganligicha qolmoqda. Kansler Ukrainaga yordam berishni urushni davom ettirish emas, balki uni yakunlashni tezlashtirish vositasi deb atadi.
Antoniu Koshta esa yanada keskin fikr bildirdi. U urushning davom etayotgani uchun mas’uliyatni to‘liq Rossiya zimmasiga yukladi va Moskvani o‘t ochishni to‘xtatishga hamda muzokaralar stoliga o‘tirishga chaqirdi.
Diplomatik vaziyat murakkablashayotgan bir paytda Berlin mudofaa xarajatlarini keskin oshirmoqda. Germaniya mudofaa vaziri Boris Pistorius ma’lum qilishicha, 2027 yilda mamlakatning harbiy byudjeti maxsus jamg‘arma mablag‘lari bilan birgalikda 140 milliard yevroga yaqinlashadi. U bu xarajatlarni aholi, harbiy xizmatchilar va Germaniya ittifoqchilarining xavfsizligi kafolati deb atadi.
Pistorius Rossiya tomonidan kelayotgan xavfni Germaniya va Yevropa uchun «real, jiddiy va dolzarb» deb baholadi. Uning ta’kidlashicha, Moskva nafaqat Ukrainada urush olib bormoqda, balki ehtimoliy kelajakdagi mojarolarga tayyorgarlik ko‘rish maqsadida qurol ishlab chiqarishni ham oshirmoqda.
Germaniya vaziri Rossiya oyiga taxminan 150 ta qisqa va o‘rta masofali raketa ishlab chiqara olishini bildirdi. Uning aytishicha, ularning qariyb 80 tasi Ukrainada qo‘llanmoqda, qolganlari esa Rossiya arsenallarini to‘ldirish uchun saqlanishi mumkin.
So‘nggi haftalarda Berlin va Moskva o‘rtasidagi munosabatlar ham keskinlashdi. Germaniya Leypsig/Galle aeroportida portlovchi qurilma olib ketgan dron bilan bog‘liq hodisada Rossiyani ayblab, bir qator choralarni e’lon qildi. Ular orasida Bonndagi Rossiya bosh konsulxonasini yopish va Berlindagi Rus uyi faoliyati bo‘yicha kelishuvni bekor qilish ham bor.
Moskva bu ayblovlarni rad etdi. Rossiya elchixonasi Leypsigdagi voqeani «shoshilinch tayyorlangan provokasiya» deb atadi. Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov esa Germaniyani keskinlikni kuchaytirishda ayblab, Berlinda «yana urush istagi paydo bo‘lganini» bildirdi.
Bunga javoban Rossiya Sankt-Peterburgdagi Germaniya Bosh konsulxonasi hamda Gyote institutining Germaniya madaniyat markazlari faoliyatini to‘xtatish haqida qaror qabul qildi.
Shu bilan birga, Berlinning Rossiya harbiy tahdidi va Moskva tinchlik muzokaralariga tayyor emasligi haqidagi bayonotlari Rossiya rasmiylarining ommaviy pozisiyasidan farq qiladi. Moskva diplomatik yo‘l bilan kelishuvga tayyorligini bildirmoqda, biroq o‘z shartlari bajarilishini talab qilmoqda. Kiyev va uning Yevropa ittifoqchilari esa bu talablarni maqbul deb hisoblamaydi.
Tomonlar o‘rtasida davom etayotgan harbiy qarama-qarshilik va ehtimoliy gibrid operasiyalar bilan bog‘liq ayrim o‘zaro ayblovlarni mustaqil ravishda tasdiqlash hozircha imkonsiz.