Germaniya kansleri Fridrix Mers Isroilning Qatar poytaxti Dohada Falastinning HAMAS guruhining yuqori martabali vakillariga bergan zarbasini tanqid qildi. «Isroilning bugungi hujumi bilan Qatar suvereniteti va hududiy yaxlitligi buzilishini qabul qilib bo‘lmaydi», dedi u 9 sentyabr, seshanba kuni kechqurun Qatar amiri Shayx Tamim bin Hamad Ol Soniy bilan telefon orqali suhbatda.
Germaniya hukumati vakili Shtefan Korneliusning so‘zlariga ko‘ra, Mers amir bilan suhbat chog‘ida Qatarning G‘azoda o‘t ochishni to‘xtatish va HAMAS garovga olganlarni ozod qilish bo‘yicha vositachilik harakatlarini olqishlagan. «Urush butun mintaqaga tarqalmasligi kerak. Federal hukumat ham bu masalada Isroil hukumati bilan yaqin aloqada», — deyiladi bayonotda.
Avvalroq Germaniya tashqi ishlar vaziri Yoxann Vadeful va yana bir qancha Yevropa davlatlari vakillari ham Isroilning harakatlarini tanqid qilgan edi. «Isroilning Dohadagi hujumi nafaqat Qatarning hududiy suverenitetini buzadi, balki garovga olinganlarni qutqarish bo‘yicha barcha sa’y-harakatlarimizni xavf ostiga qo‘yadi. Bu hujumni qabul qilib bo‘lmaydi», dedi Vadeful seshanba kuni kechqurun Berlinda.