Germaniya Isroilga yangi suvosti kemasini yetkazib berishini ma’lum qildi. Qaror Berlinning yahudiy davlatiga qurol eksportini qisman to‘xtatish e’lonidan bir necha kun o‘tib qabul qilinmoqda. Bu haqda Middle East Monitor xabar berdi.
“Thyssenkrupp” nemis kompaniyasi rahbariyati bu reja haqida 8 avgust kuni bo‘lib o‘tgan aksiyadorlarning navbatdan tashqari yig‘ilishida ma’lum qilgan. Biroq eksport lisenziyasining qachon berilgani noma’lum.
Germaniya Iqtisodiyot vazirligi bu masalada izoh berishdan bosh tortmoqda.
Mazkur suvosti kemasini xarid qilish shartnomasi dastlab 2012 yilda imzolangan edi. Federal xavfsizlik kengashi 2023 yil dekabrida texnikani yetkazib berishga ruxsat bergan.
“INS Drakon” nomli kema Boltiq dengizidagi Ryugen oroli yaqinida sinov tariqasida suzgandi. U endilikda Isroilga yetkazib berilayotgan oltinchi “Delfin” turidagi suvosti kemasi bo‘lib, qiymati qariyb 500 million yevro (585,8 million dollar)ni tashkil etadi. Germaniya bu xarid uchun 135 million yevro miqdorida moliyaviy hissa qo‘shgan.