Germaniya Eronga qarshi harbiy harakatlarda ishtirok etish niyati yo‘qligini bildirdi. Bu haqda Germaniya tashqi ishlar vaziri Yoxann Vadeful 2 mart kuni Deutschlandfunk radiosiga bergan intervyusida ma’lum qildi.
Ushbu bayonot Eron kuchlarining Iordaniya va Iroqdagi Germaniya armiyasi — Bundesver — pozisiyalariga hujumlari fonida yangradi.
Vazirning ta’kidlashicha, Germaniyaning bunday operasiyalarda ishtirok etish uchun zarur harbiy imkoniyatlari yo‘q. Shu bilan birga, nemis harbiy xizmatchilariga hujum qilingan taqdirda, ular o‘zini himoya qilish huquqidan foydalanishi mumkin.
Hozirda Bundesver bo‘linmalari Iordaniya va Iroqda joylashgan bo‘lib, mahalliy kuchlarni o‘qitish bilan shug‘ullanmoqda. Rasmiylarga ko‘ra, joylardagi qo‘shinlar himoya inshootlarida xavfsiz holatda.
Vadeful Eronni nafaqat Isroil, balki butun Yevropa uchun jiddiy tahdid deb atadi. U Tehronning Yevropa davlatlariga yetib borishi mumkin bo‘lgan ballistik raketa dasturi va kiberxavf-xatarlarga ishora qildi.
Shuningdek, u Eronning Ukraina mojarosida Rossiyani qo‘llab-quvvatlayotganini ham qayd etdi.
Hukumat manbalariga ko‘ra, vazir bayonoti Germaniya, Fransiya va Buyuk Britaniyaning ehtimoliy «mudofaa choralari» haqidagi qo‘shma pozisiyasiga zid emas. Germaniya buni, avvalo, harbiylariga hujum qilingan taqdirda o‘zini himoya qilish huquqi sifatida talqin qilmoqda.