Guterrish 2023 yil oktyabridan buyon G‘azodagi tinch aholi og‘ir sharoitda yashayotganini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, o‘tgan yili erishilgan o‘t ochishni to‘xtatish kelishuvi ma’lum darajada yengillik bergan, ammo xavfsizlik, gumanitar yordam va tiklanish uchun zarur sharoitlarni to‘liq ta’minlamagan.
BMT rahbari mojarodagi barcha tomonlarni o‘z majburiyatlarini to‘liq bajarishga va G‘azo bo‘yicha kompleks rejaga asoslangan holda o‘t ochishni to‘xtatishning keyingi bosqichiga o‘tishga chaqirdi.
«O‘t ochishni to‘xtatishni doimiy qilish vaqti keldi. Zarur hajmda gumanitar yordam yetkazilishini ta’minlash vaqti keldi. Xalqaro huquqni hurmat qilish vaqti keldi», — dedi Guterrish.
U, shuningdek, mintaqada barqaror tinchlikka olib boradigan siyosiy yo‘lni shakllantirish zarurligini qayd etdi.
BMT Bosh kotibi ushbu sana nafaqat motam, balki isroilliklar va falastinliklar tinchlik va xavfsizlikda yonma-yon yashay oladigan kelajakni barpo etish qat’iyati ramzi bo‘lishi kerakligini ta’kidladi.