Bugun 19 noyabr, 2026 yil, payshanba

КИР

Fransiyada so‘z erkinligi hamma uchun emas...

A A A
Fransiyada so‘z erkinligi hamma uchun emas...

“Amnesti International” tashkilotining Yevropa bo‘yicha tadqiqotchisi Marko Peroline Fransiya prezidenti Emmanuel Makronni so‘z erkinligi bahonasida olib borayotgan siyosatini tanqid ostiga oldi.

Peroline yozgan “Makronning Fransiyasida so‘z erkinligi faqat ayrimlar uchun” sarlavhali maqola “Nyuusik” nashrida e’lon qilindi.   , deb yozmoqda "azon.uz".

Tadqiqotchining fikricha, Makron va uning hukumati Samyuel Pati ismli o‘qituvchining o‘ldirilishiga fransiyalik musulmonlarga tuhmatlarni ko‘paytirish orqali javob qaytardi. Qolaversa, hukumat so‘z erkinligini qo‘llab-quvvatlashini da’vo qilgan holda bu erkinlikka hujum uyushtirmoqda. 

“Masalan, o‘tgan haftada fransuz polisiyasi to‘rt nafar o‘n yoshli bolani bir necha soat davomida “terrorizmni oqlash”da gumon qilib so‘roqqa tutdi”, – deya yozadi Perolini. Bu bolalarning “aybi” shuki, ular Samyuel Patining darsda Muhammad alayhissalom tahqirlab aks ettirilgan karikaturalarni o‘quvchilarga ko‘rsatish bilan to‘g‘ri yo‘l tutganini shubha ostiga olgan. 

Maqola muallifining ta’kidlashicha, Fransiya hukumati o‘zini so‘z erkinligi uchun kurashuvchi deb o‘ylashni yoqtiradi, aslida esa unday emas. 

Shuningdek, maqola muallifi fransuz hukumati o‘zi o‘ylaganidek so‘z erkinligi borasida chempion emasligini ta’kidlab, norozilik namoyishlarida Makronning tulumini yoqqan ikki kishi 2019 yilda sud tomonidan “tahqirlash”da aybdor deb topilganini eslab o‘tgan. Ayni paytda Fransiya parlamenti ijtimoiy tarmoqlarda huquq-tartibot organlari xodimlarining rasmlaridan foydalanganlik uchun javobgarlik belgilashni ko‘zda tutuvchi qonun loyihasi ustida ishlayapti. “Buni fransuz hukumatining Muhammad payg‘ambarni karikaturalarda tasvirlash huquqini jon-jahdi bilan himoya qilishi bilan solishtirish mushkul”, – deya yozadi Perolini. 

Muallif karikaturalarga qarshi chiqayotganlarning ham o‘z fikrini bildirish huquqi borligini va ular bu bilan ayirmachi yoki radikalga aylanib qolmasligini ta’kidlaydi. Maqolada yozilishicha, Fransiyada diniy e’tiqod uchun haqoratli deb qabul qilinishi mumkin bo‘lgan fikrlar va qarashlar himoyalanayotgan bir paytda musulmonlarning fikr va din erkinligi e’tiborga olinmayapti, masalan, ular maktablarda va davlat ishlarida o‘zlari xohlagandek kiyimda yurolmaydi. 

Marko Peroline Fransiyada har yili minglab kishi “davlat amaldorlarini tahqirlash”da ayblanib sudlanishini aytib o‘tgan. Isroil mahsulotlariga boykotni targ‘ib qilgan 11 faol ham jazoga tortilgan, joriy yilning iyunida inson huquqlari bo‘yicha Yevropa sudi bu faollarning so‘z erkinligi buzilgan degan xulosaga keldi. 

Muallifning ta’kidlashicha, 2015 yilda Parijda yuz bergan teraktlardan keyin fransuz hukumati musulmonlarga nisbatan mingla, tahqirlovchi va kamsituvchi reydlarni amalga oshirgan. 

Peroline tarix takrorlanayotganini ta’kidlar ekan, Fransiya hukumati “radikallik” bahonasida musulmonlarning tashkilotlari va masjidlarni yopishga tushib ketganiga e’tibor qaratgan. Ichki ishlar vaziri Jerald Dermanin Islomofobiyaga qarshi kurash tashkiloti yopilishini aytgan. U tashkilotni “respublika dushmani” va “terrorizm o‘chog‘i” deb atagan, biroq bu ayblovlariga birorta ham dalil keltirmagan. 

“Fransiya hukumatining so‘z erkinligi haqidagi safsatalari uning uyatsiz ikkiyuzlamachiligini yashirish uchun kifoya emas. Fikr bildirish erkinligi hamma uchun bo‘lmas ekan, u hech narsani anglatmaydi”, – deya yakunlaydi maqolasini Marko Peroline.  

Kiritildi: 05:30 19.11.2020. O'qildi: 2756 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Eng ko'p o'qilgan yangilik