Fransiyaning Dassault mudofaa kompaniyasi Rafale qiruvchi samolyotini modernizasiya qilish doirasida F5 standartini ishlab chiqishni 2035 yilga qadar yakunlashni rejalashtirmoqda.
Bu haqda Dassault bosh direktori Erik Trappye BFM Business telekanali efirida ma’lum qildi.
«Bugun biz Rafale F5 deb nomlangan ushbu superjangovor samolyot ustida ishlayapmiz. Hozirning o‘zida mazkur standartni batafsil loyihalash bosqichi ketmoqda. Uni topshirish muddati 2033–2035 yillarga mo‘ljallangan», — dedi u.
Trappyening qo‘shimcha qilishicha, samolyot «Fransiya tomonidan, Fransiya qurolli kuchlarining ehtiyojlari hisobga olingan holda» ishlab chiqilmoqda va loyihada hech qanday xorijiy kompaniya ishtirok etmayapti.
Shu bilan birga, u 2035 yildan keyin ushbu samolyot eksport uchun ham taklif qilinishi mumkinligini istisno etmadi.