Bugun 2 dekabr, 2024 yil, dushanba

КИР

Fransiya 80 yil avvalgi jinoyatni tan oldi

Fransiya 80 yil avvalgi jinoyatni tan oldi

Fransiya prezidenti Emmanuel Makron fransuz harbiylari tomonidan 1944 yilda amalga oshirilgan qatliomni rasman tan oldi. Bu haqda u Senegal rahbariyatiga fojianing 80 yilligi munosabati bilan yo‘llagan maktubida gapirgan.

1944 yil 1 dekabrda Fransiya armiyasi tarkibidagi G‘arbiy Afrika bo‘linmasining (Tirailleurs Sénégalais) 400 ga qadar harbiy xizmatchisi fransuz askarlari tomonidan qirib tashlangan. Ikkinchi jahon urushi davrida Fransiya armiyasi safida jang qilgan askarlar o‘shanda va’da qilingan moyana berilmagani sabab isyon ko‘targan edi.

Qatliom Senegal poytaxti Dakar shahri yaqinidagi Tiaroe qishlog‘ida ro‘y bergan.

Prezident Makron 80 yil avvalgi hodisani yodga olar ekan, fojia ro‘y berishiga olib kelgan sabab va oqibatlarni o‘rganish muhimligini ta’kidlagan.

Senegal prezidenti Bassiru Diomay Fay Fransiya rahbari tomonidan qatliom fakti tan olinganini olqishlab, bu Tiaroe hodisalari yuzasidan ochiq va halol muloqotga yo‘l ochishi, tarixiy adolatni qaror toptirishga xizmat qilishini urg‘ulagan.

Rasmiy Parijning tarixiy xatosini tan olishi mintaqada, xususan, Senegal davlatida xorijiy kompaniyalar, jumladan, fransuz shirkatlari ta’siridan xalos bo‘lish yo‘lida harakatlar kuchaygan davrga to‘g‘ri kelmoqda. Yaqinda bo‘lib o‘tgan saylovda Senegal prezidenti etib saylangan Bassiru Diomay Fay Fransiya bilan aloqalarni qayta ko‘rish chiqishini aytgan.

Fransiyaning sobiq mustamlakasi bo‘lgan Senegalda hozir ham 350 ga yaqin fransuz harbiy xizmatchisi mavjud. Yangi prezident fransuz harbiy bazasi ham chiqarib yuborilishiga ishora qilgan.

Fransiyaning Afrikadagi sobiq mustamlakalariga ko‘ra, kolonializm davrida sodir etilgan jinoyatlar tan olinishi lozim. Masalan, Jazoir ko‘p yillardan buyon rasmiy Parijdan mustamlaka davrida amalga oshirilgan jinoyatlar uchun kechirim so‘rash va tovon puli to‘lashni talab qilib keladi. Jazoir xalqi, xususan, 1945 yilning 8 may kuni minglab erksevar millatdoshlari qatl etilgani uchun Fransiya javob berishi kerak deb hisoblaydi.

Fransiya Jazoirda amalga oshirgan mustamlaka siyosati uchun rasman kechirim so‘ramagan. Hatto yaqingacha bu mamlakatda amalga oshirilgan harbiy harakatlar “jamoat tartibini tiklash” istilohi bilan xaspo‘shlangan. Faqat 1999 yildagina Fransiya parlamenti Jazoirdagi harbiy harakatlarni “urush” deya tan olgan.

Avval xabar berganimizdek, prezident Emmanyuel Makron oradan 60 yil o‘tib, 2021 yil oktyabr oyida mamlakat polisiyasi jazoirliklarga nisbatan sodir etgan vahshiylikni tan olgan va uni kechirib bo‘lmas jinoyat deb atagan edi. Bunga qadar fransuz mas’ullari qatliomni tan olishdan bosh tortib kelgan.

Gap shundaki, 1961 yilning 17 oktyabr kuni Parij polisiyasi namoyishga chiqqan jazoirliklarni o‘qqa tutgan, o‘nlab tinch namoyishchi otilgan va Sena daryosiga g‘arq qilingan. Ular Fransiyaning jazoirliklarga nisbatan ayirmachilik siyosatiga qarshi chiqqan edi.

Kiritildi: Bugun 14:33. O'qildi: 601 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!