Flydubai aviakompaniyasining FZ1073 reysi yo‘lovchilarini olib ketayotgan zaxira samolyot Saudiya Arabistonidagi Tabuk aeroportidan Isroildagi Ben-Gurion aeroportiga yetib keldi.
The Jerusalem Post nashrining xabar berishicha, Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyaxu yo‘lovchilarni kutib olish uchun aeroportga keldi.
Aeroport tibbiy guruhlari kelganlarni tekshirish va zarur yordam ko‘rsatish uchun safarbar qilingan. Dastlabki reysdagi 174 yo‘lovchidan 166 nafari Isroil fuqarolari.
Avvalroq, Dubaydan Tel-Avivga uchayotgan Flydubai reysi Saudiya Arabistonidagi Tabuk aeroportiga uchuvchilar kabinasida janjal chiqqanidan so‘ng favqulodda qo‘ngan edi. Uchuvchilardan biri pichoqlangan, shundan so‘ng ikkinchisi samolyotni boshqarishni qo‘lga olishga uringan. Boshqa ekipaj a’zolari va yo‘lovchilar aralashgan.
Flydubai hodisa yuzasidan tergov olib borilgunga qadar Isroilga parvozlarni to‘xtatib qo‘ydi.