Flydubai kapitani o‘ziga keldi va Hindiston bosh vaziriga samolyotda nimalar bo‘lganini aytib berdi.
Flydubai aviakompaniyasining Dubaydan Tel-Avivga amalga oshirilgan FZ1073 reysi halokat bilan yakunlanishiga bir baxya qoldi, ikkinchi uchuvchi kapitanga pichoq bilan hujum qilgan. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, u samolyotni qulatmoqchi edi. Bortda 174 nafar yo‘lovchi bo‘lgan, ulardan aksari Isroil fuqarolaridir. Yo‘lovchilar ekipaj a’zolari bilan birgalikda ikkinchi uchuvchini zararsizlantirishga va samolyotni yerga qo‘ndirishga muvaffaq bo‘lgan. Ammo ular vaziyatga faqat yarador kapitan Smit Machchharning jonbozligi tufayli aralasha olishgan, u yaralanganiga qaramay, kabina eshigini ochib bergan.
Flydubai aviakompaniyasi samolyoti kapitani, hindistonlik Smit Machchhar Dubaydan Tel-Avivga uchish chog‘ida ikkinchi uchuvchi tomonidan qilingan hujumdan omon qolib, shifoxonada o‘ziga keldi va ro‘y bergan hodisa to‘g‘risida ilk bor so‘zlab berdi. U Abu-Dabidagi shifoxonadan turib Hindiston bosh vaziri Narendra Modi bilan videoaloqa orqali gaplashgan. Muloqot videoyozuvi jurnalist Sidhant Sibal tomonidan e’lon qilindi.
Machchhar ikkinchi uchuvchining hujumidan keyin polda yaralangan holda yotgani va samolyot qulayotganini his qilganini eslashini aytdi. Shunda u so‘nggi kuchini to‘plab, kabina eshigini ichkaridan ochishga harakat qila boshlagan. Machchhar o‘zi jon talvasasida bo‘lsa-da, u bilan birgalikda boshqa odamlar ham halok bo‘lishi mumkinligini tushunib turganini qayd etgan. U yordam berganlarning barchasi bu ishga o‘zining muhim hissasini qo‘shganini ta’kidlagan.
Modi Machchharni “mardligi, bardoshi va tezda qaror qabul qilgani” uchun maqtab, bu qarori juda ko‘p insonlar hayotini asrab qolganini aytdi.
Smit Machchhar Narendra Modiga qo‘ng‘iroq uchun minnatdorchilik bildirdi.
"Bilaman, Xudo meni qutqardi. Siz menga qo‘ng‘iroq qildingiz va men ulkan faxr tuyg‘usini his qilyapman. Men oldin o‘zim bilan faxrlanmaganman, ammo endi faxrlanyapman", — dedi uchuvchi.
Samolyot qo‘nganidan keyin ikkinchi uchuvchi ham jarohatlangan holda shifoxonaga yetkazilgan, keyinroq Abu-Dabiga keltirilgan. Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu ikkinchi uchuvchi “radikal mafkuraviy g‘oyalar ta’siriga tushgani” va samolyotni qulatib, o‘z joniga qasd qilmoqchi bo‘lganini aytdi. Bortdagi ikkinchi uchuvchini zararsizlantirgan yo‘lovchilarning so‘zlariga ko‘ra, u o‘zini o‘ldirishlarini so‘ragan.
Netanyahu hozircha tergovda yakuniy xulosalar yo‘qligini bildirgan. Shuningdek, Eronning ushbu voqeaga aloqadorligi belgilari ham aniqlanmaganini ta’kidlagan.