Finlyandiyada XX asrda texnik taraqqiyot ramziga aylangan stasionar telefon aloqasidan butunlay voz kechish bo‘yicha qaror qabul qilindi. Mamlakatdagi yirik operatorlardan biri — Elisa kompaniyasi 2026 yil 30 iyungacha hudud bo‘ylab barcha stasionar telefon tarmoqlarini to‘liq to‘xtatishini ma’lum qildi. Hozirda bu xizmatdan foydalanayotgan abonentlar soni bir necha ming nafar ekani qayd etiladi.
Yle xabariga ko‘ra, 2026 yil aprel oyining oxirida mijozlarga shahar telefoni uzilishi haqida ogohlantiruvchi xat yuboriladi. Unda aloqa xizmatini almashtirish bo‘yicha muqobil yechimlar ham taklif etiladi. Kompaniya ta’kidlashicha, obuna yakunlangandan keyin ham uy telefoni raqamini saqlab qolish imkoniyati bor — u raqam mobil tarmoqqa o‘tkazilishi mumkin.
Finlyandiyada yana ikki yirik aloqa operatori — Telia va DNA ham avvalroq stasionar xizmatni bosqichma-bosqich tugatishini bildirgan edi. Telia bu yo‘nalishdan 2019 yilda voz kechgan, DNA esa 2021 yildan boshlab uni asta-sekin qisqartira boshlagan. Mahalliy nashrlar buni uy telefoni odamlar va oilalar o‘rtasidagi asosiy bog‘lanish vositasi bo‘lgan bir davr yakunlanayotgani sifatida baholamoqda.