Finlyandiyada XX asrda texnik taraqqiyot timsoliga aylangan telefon aloqasidan butunlay voz kechish to‘g‘risida qaror qabul qilindi
Finlyandiyada stasionar telefon xizmatini ko‘rsatuvchi yirik operatorlardan biri — Elisa kompaniyasi 2026 yil 30 iyunga qadar mamlakat hududidagi barcha stasionar telefon tarmoqlarini to‘liq to‘xtatishini ma’lum qildi. Ta’kidlanishicha, hozirda Finlyandiyada ushbu turdagi aloqadan foydalanadigan bir necha ming abonent bor.
Yle nashrining xabar berishicha, 2026 yil aprel oyi oxirida mijozlarga shahar telefon aloqasi uzilishi va aloqa xizmatini almashtirishning muqobil variantlari taklif qilinishi haqida xat yuboriladi.
"Siz obunangiz tugaganidan keyin ham shahar telefon raqamingizni, ya’ni uy telefon raqamingizni saqlab qolishingiz mumkin. Bu raqam mobil tarmog‘ingizga o‘tkazilishi mumkin", - dedi kompaniya.
Finlyandiyadagi yana ikki yirik aloqa operatori — Telia va DNA avvalroq stasionar telefon xizmatini bosqichma-bosqich to‘xtatishini ma’lum qilgan edi. Telia bu xizmatdan 2019 yilda voz kechgan bo‘lsa, DNA uni 2021 yildan boshlab asta-sekin qisqartira boshladi.
Finlyandiya nashrlari stasionar telefon xizmatlarining tugashi uy telefonlari shaxslar va oilalar o‘rtasidagi asosiy aloqa vositasi bo‘lgan butun bir davrning tugashini anglatishini xabar qilmoqda.