Bugun 28 aprel, 2024 yil, yakshanba

КИР

Farg‘onalik terrorchi nega O‘zbekistonga qaytdi?

Farg‘onalik terrorchi nega O‘zbekistonga qaytdi?

Farg‘onada adashib diniy ekstremistik oqimga kirib qolgan, bir necha yillar davomida chet ellarda yurib, chin dildan pushaymon bo‘lib yurtimizga qaytgan shaxsga sud tomonidan jazo tayinlandi.

Kechirimlilik, bag‘rikenglik xalqimizga xos qadim qadriyatlardan sanaladi. Muqaddas dinimizda ham banda bilib-bilmay xato yo‘lga kirsa, so‘ng xatosini tan olib, tavba qilsa barcha qilmish gunoh ishlari kechirilishi, zimmasidan soqit bo‘lishi ta’kidlangan. O‘tgan davrda hukumatimiz olib borgan insonparvarlik siyosati tufayli ko‘pgina adashib diniy ekstremistik oqimlarga qo‘shilib qolgan fuqarolar hayotga qaytdi. Beshariqlik Ilyos Hakimov ham ana shulardan biri. G‘alamis kimsalarning aldoviga uchib, eng gullagan yoshlik damlarini xazon qildi. Bu haqda O‘zA yozmoqda.

U 2010-2013 yillarda Beshariq tumanida Muydin Maxsudov tomonidan tashkil qilingan Jihodchilar diniy ekstremistik oqim jamoatida ishtirok etib, ularning g‘oyalarini qo‘llab- quvvatlagan. Internet ijtimoiy tarmog‘ida har xil diniy mazmundagi jihod qilish, shahid bo‘lish va jannatga tushishga da’vat etuvchi ma’ruzalarni eshitib yurib, diniy aqidaparastlikka berilgan. Uni shu tumandan bo‘lgan Jihodchilar diniy ekstremistik oqimi a’zosi, Suriya davlatidagi jangovar harakatlarda ishtirok etish uchun odam yollash bilan shug‘ullanuvchi Xayrullo Isoqov internet orqali Suriya davlatiga borish va jihod qilishga ko‘ndirgan. Ilyos ularning aldovlariga uchdi, ongi zaharlanib, jinoyat yo‘liga kirdi. Diniy oqimning buzg‘unchi g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlab, jihod qilish uchun Suriya davlatiga borishni rejalashtirdi.

U 2014 yil fevral oyida Rossiya Federasiyasi orqali Ukraina davlatiga oila a’zolari bilan borgan. U yerda X. Isoqovning tanishi Farrux ismli shaxs kutib olib, uni uy joy bilan ta’minlagan. Yo‘l harajatlari uchun X.Isoqov 1500 AQSh dollari yuborganidan keyin u turmush o‘rtog‘i SH. Mahmudova va bir yoshli farzandi bilan Turkiyaning Istambul shahriga borgan. Ularni X.Isoqov kutib olib, oldindan tayyorlangan kvartiraga joylashtirgan.

2014 yilning mart oyida X.Isoqov bilan Istambul shahridan Suriya davlatiga avtobus orqali ketayotganida maxsus xizmat xodimlari tomonidan qo‘lga olingan. Muhojirlar saqlanadigan muassasaga vaqtincha saqlovga olingan. U shu yerda Suriyaga borganlar bilan gaplashib, vaziyatni bilgach, adashganini tushunib yetadi.

Ilyos Hakimov o‘tgan davrda boshidan juda ko‘p og‘ir kunlarni o‘tkazdi. Uyga qaytishdan qo‘rqib, Turkiya, Ukraina davlatlarida sarson-sargardon kezdi. O‘zbekistonda o‘ziga o‘xshab adashib qolganlarni kechirilayotganini eshitib, qaytish choralarini izlaydi. 2019 yil yanvar oyi boshida internet tarmog‘i orqali O‘zbekiston Respublikasi DXX rasmiy saytiga kechirim so‘rab murojaat qildi hamda yurtimizga qaytib keldi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Beshariq tumani sudi tomonidan Ilyos Hakimovning jinoyat ishi ko‘rib chiqildi. Unga jazo tayinlashda qilmishidan chin dildan pushaymonligi, aybiga to‘liq iqrorligi, Suriyadagi jangovar harakatlarda ishtirok etmaganligi, kechirim so‘rab murojaat qilganligi kabi holatlar inobatga olindi. Unga 5 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi.

Chet ellarda yurgan yillarimda juda ko‘p savollar meni qiynardi, deydi Ilyos Hakimov. Nega shu yo‘lga kirdim? Bugun tushunib yetdim barchasini. Ular dinni ro‘kach qilib, o‘z manfaatlari yo‘lida bizdan foydalanmoqchi bo‘ldi. Suriyadagi dahshatli urushni boshidan kechirganlar bilan gaplashib, bu niyatimdan qaytdim. Prezidentimizga rahmat. Men kabi adashganlarni kechirib, hayotga, oilasi bag‘riga qaytarmoqda.

Albatta bu kabi adashganlarning so‘zlarini eshitarkansiz, ularning aksariyati islom dini borasida yetarli bilimga ega bo‘lmaganligi natijasida diniy ekstremistik oqimga kirib qolganligi ayon bo‘ladi. Shuning uchun bugun mamlakatimizda islom ma’rifatini o‘rganish borasida katta ishlarga olib borilmoqda. Diniy ekstremistik oqim a’zosi sifatida hisobga olingan shaxslar maxsus ro‘yxatdan chiqarilib, sog‘lom va to‘g‘ri hayot sari yo‘llanayotgani ham katta imkoniyat bo‘ldi.

Kiritildi: 11:18 12.04.2019. O'qildi: 3792 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!