Bugun 4 may, 2024 yil, shanba

КИР

Farg‘onalik firibgar ayolga 9 marta hukm o‘qildi

Farg‘onalik firibgar ayolga 9 marta hukm o‘qildi

Farg‘onalik Dilorom Mirzayeva firibgarlikni o‘ziga kasb qilib olgandi, desak aslo xato emas. Nopok qilmishlari fosh etilib, bir necha bor jinoiy javobgarlikka tortilgan bu ayol afsuski o‘ziga tegishli xulosani chiqarmagan. Ayol kishi ekanligi, qaramog‘ida bir nafar farzandi borligini inobatga olib, qonun doirasida ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazo tayinlanganligi va bu unga berilgan imkoniyat ekanligini tushunib yetmagan. Vaholanki, sud, mahalla va yaqinlari tomonidan bu borada ko‘plab tushuntirishlar berilgan. Aytib o‘tish joizki, sakkizinchi marotaba sudlanganda tayinlangan ikki yil bir oy ozodlikdan mahrum qilish jazosi ham munosib xulq atvorda bo‘lish haqida tilxat qo‘llanilib qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasiga almashtirilgan. Bir jinoyatinining jazo muddati yakunlanmay ikkinchisiga qo‘l urishdan qaytmagan bu ayol xavfli residivist edi.

U aldash, ishonchiga kirish orqali kishilarga ko‘plab miqdordagi moddiy va shuningdek ma’naviy zarar yetkazib kelgan va bu orqali topgan daromadini harom ekanligini bila turib aslo yo‘lidan qaytmagan.

Keyingi paytlarda mashina bozorida ham tez-tez ko‘rinadigan bo‘lib qolgan D.Mirzayeva bu yerning ayni o‘zi bop ekanligidan ko‘ngli yayrardi. Bozordagi safdoshlaridan birining sotiladigan “Neksiya” rusumli avtomashina borligi haqidagi xabari uni qiziqtirdi.mashinaning bozorga olib kelinmaganligi va o‘rtaga odam qo‘yganligidan bildiki, mashina egasini ishonchiga kirish oson. Darhaqiqat, shunday bo‘ldi. Norin tuman fuqarosi bo‘lgan Orif Boychayev bilan o‘rtalaridagi savdolashuv 4000 AQSh dollorida to‘xtadi. Ammo xaridor, ya’ni D.Mirzayeva pulning 900 dollorini berishi qolganini ikki oyda yetkazishini aytdi.

-Ammo men qurilish ustidaman, usta aytib qo‘yganman, pul zarur menga...

O. Boychayevning bu e’tirozi “Siz bemalol qo‘rqmasdan ishni boshlab, ustalaringizni aytavering, men pulni yetkazib kelaman”, - degan go‘yo qat’iy va ishonchli gap bilan barham topdi.

Qo‘lidagi 900$ bilan katta qurilishga qo‘l urib qo‘ygan O. Boychayev bir haftadayoq qarz olishga majbur bo‘ldi. Bu ham yetmay qo‘shimchasiga foizga pul olib xarajat qildi. Uning ko‘nglida “Ikki oyda pulni olib kelsa hammasidan qutulaman-ku”, degan ishonch, umid barqaror edi.

Endi gapni D. Mirzayevadan davom ettiradigan bo‘lsak, firibgar ayol ishining baroridan kelganidan xursand (garchi bu yo‘l qayerga olib borishini bilsa-da), mashinani sotish ilinjida xaridor topish bilan band edi. Va xaridor chiqdi ham. Kosonsoylik fuqaro Asqar To‘lanovga 3.500 AQSh dolloriga sotilgan mashinaning pulini naqd olgan ayol qarzini to‘lashni hayoliga ham keltirmadi. Pullarni o‘z harajatlari yo‘lida ishlatib yuravergan.

Shu o‘rinda ayrim shaxslar tomonidan e’tiborsiz qoldiriladigan bir jihatni aytib o‘tish o‘rinli. Zotan, alal oqibat bu o‘zlariga nisbatan zarardir. Ya’niki, hujjatlashtirish masalasi.

O. Boychayevdan oldingi shaxsning nomida bo‘lgan, yuqoridagi “Neksiya” avtomashinasini to‘rtinchi qo‘l bo‘lgan A. To‘lanov D. Mirzayevadan hujjatlashtirib berishini talab qiladi. Ammo u ham ulovning pulini berib bo‘lgandan keyin bu narsaga e’tibor qaratgan. Sotish huquqi bilan ishonchnoma asosida O.Boychayevga sotilgan “Neksiya” aslida Norin tuman fuqarosi Jamil Nosirovning nomida edi. A. To‘lanov masalaning oxiriga yetish maqsadida J. Nosirovning oldiga borib vaziyatni tushuntiradi. J. Nosirov esa mashinani O. Boychayevga sotgani va unga notarius orqali sotish huquqi bilan ishonchnoma qilib berganini aytib shu yerning o‘zida u bilan bog‘lanadi. O. Boychayev mashinaning pulini hali to‘liq olmagani, mashinani sotib olgan ayol pullarini to‘la bersa keyin rasmiylashtirish lozimligini aytadi, to‘g‘rirog‘i iltimos qiladi. Shundan so‘ng u D. Mirzayeva tomonidan aldab ketilganini anglab bir necha marotaba mashinani qaytarish uchun A. To‘lanovning uyiga boradi. O‘z navbatida A. To‘lanov mashinani mashinani baholangan pulini to‘liq to‘lab sotib olganligini, uni bermasligini aytadi.

Ko‘rib turganingizdek, mashina rasman boshqa birovniki, boshqa birov sotib olganu hajjati yo‘q, o‘rtada yana bir shaxs sargardon afsuski. Taroziga solinsa ularning har birida muammo tengdirki, har qanday oldi-sotdi masalalarida buni e’tiborga olish ayni zarurat va loqaydlik qilmaslik shart bo‘lgan jihat. 

Xullas, oradan o‘tayotgan muddat, nechalab oylar bir fuqaroni katta miqdorda qarzga botirib borar (O. Boychayev foizga qarz olgandi), bir fuqaro esa 3.500$ga mashina sotib olib ko‘chaga minib chiqolmasdi. Toqati toq bo‘lgan O.Boychayev o‘zi bergan manzil bilan D. Mirzayevani qidirib uning mahallasiga keladi, ammo u yerdan uni topolmaydi. Mahalla idorasiga kirib surishtirganda esa bu yerda bunday ayol yashamasligini aytishadi.

O. Boychayevning IIBga qilgan arizasi orqali kirdikorlari fosh bo‘lgan D. Mirzayeva aslida jazo muddatida edi. Ammo u yana jinoyatga qo‘l urgan.

Sud ishni ko‘rish va jazo tayinlashda bu jihatlarni ham e’tiborga oladi. Har tomonlama o‘rganilgan sud ishi yakunida D. Mirzayeva O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi “b” bandi bilan aybli deb topilib, 5 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosiga tortildi.   

“Neksiya”ning rasman egasi J. Nosirovning uni haqiqatdan O.Boychayevga sotganligi,  notarius orqali sotish va boshqarish huquqi bilan ishonchnoma orqali unga o‘tkazilganligi va mashinaning egasi u ekanligini aytib bergan ko‘rsatmasiga asosan “Neksiya” rusumli nizoli mashina O. Boychayevga qaytarildi. A. To‘lanovning 3.500 AQSh dollori miqdoridagi pullarini D. Mirzayevadan undirish haqida tushuntirildi. Oydek ravshanki, A. To‘lanovning oldi-sotdida hujjatga beparvo bo‘lganligi katta zarar, inchunun pulni undirib olguniga qadar bo‘ladigan sarsongarchiliklarga sababchi bo‘ldi. Xolbuki, 3.500$  ozgina pul emas va osonlik bilan topilgan ham emas.Jinoyatchi jazosini oldi. Uning domiga tushib qolganlar kechmishi esa o‘zgalarga saboq bo‘lgulik.   

Akramjon Aripov,

O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi

 katta konsultanti

Kiritildi: 09:27 14.10.2019. O'qildi: 2086 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!