Bugun 27 aprel, 2024 yil, shanba

КИР

Farg‘onada ustozlarning ustozi jinoyat ustida qo‘lga tushdi

Farg‘onada ustozlarning ustozi jinoyat ustida qo‘lga tushdi

Mana, garchi har yilgidan o‘zgacha tarzda bo‘lsa-da, yana bir o‘quv yili yakuniga yetdi. Endi umumta’lim maktablari, akademik lisey va kollej bitiruvchilari uchun yanada jiddiy sinovli damlar boshlanmoqda. Ya’ni sanoqli kunlardan so‘ng ular oliy o‘quv yurtlarida test sinovlarini topshirishadi.

Hech kimga sir emas, ana shunday kezlarda o‘zini qo‘li uzun inson sifatida ko‘rsatib, o‘qishga kiritib qo‘yishni va’da qiluvchi ayrim firibgar kimsalar ham g‘imirlab qolishadi. Ayniqsa, o‘zining bilimiga ishonmagan yoki o‘qishga kirishning oson yo‘lini qidiruvchi ayrim yosh­lar bunday «hojatbaror»larning tuzog‘iga oson ilinishadi.

Binobarin, quyidagi jinoyat ishi misolida abituriyentlar, ularning ota-onalari va yaqinlarini ana shunday kimsalarning firib to‘ridan ogohlantirishni lozim topdik.

Eng afsuslanarli jihati shundaki, bugungi «qahra­mon»­imiz savodsiz yoxud qilmishining oqibatini tushunmaydigan kimsa emasdi. Chunki u Far­g‘ona viloyati xalq ta’limi xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish hududiy markazi «Amaliy fanlar va maktabdan tash­qari ta’lim metodikasi» kafedrasi mudiri Nabijon Samadov (ism-shariflar o‘z­gartirilgan) bo‘lib, nafaqat ziyoli inson, balki ustozlarning ustozi sanalardi.

Tergov va sud jarayonida ayon bo‘lishicha, N. Samadov markazdagi ishidan tashqari chizmachilik fanidan repetitorlik bilan shug‘ullanib, abitu­riyent­larni oliygohlarga o‘qishga kirishga tayyorlash bilan ham shug‘ullangan. Shu bois 2019 yilda Far­g‘ona davlat universitetining «Tasviriy san’at va mu­­handislik grafikasi» yo‘nalishiga o‘qishga kirish niyatida yurgan Vazira Shokirjonova ham uning repetitorlik guruhida tahsil olayotgandi.

Bundan tashqari Far­g‘ona davlat universiteti o‘qituvchisi Egamnazar Jo‘rayev V. Shokirjonovaga tasviriy san’at fanidan repetitorlik qilayotgandi.

Ma’lumki, Vazira tanlagan yo‘nalishda abituriyentlar test sinovlari bilan birga ijodiy imtihon ham topshirishadi. Biroq avvaldan tanish bo‘lgan Nabijon Samadov va Egamnazar Jo‘rayev shogird­larining bilim darajasi haqida suhbatlashishganda V. Shokirjonovaning chizish qobiliyati talabga to‘liq javob bermasligini tilga olishadi. Shuning uchun ular qiz­ga yanada ko‘proq mashq qi­lish shartligini, aksincha, amaliy imtihonda yuqori bal ololmasligini tushuntirishadi. Lekin Vazira bundan tushkunlikka tushib, uyiga yig‘lab boradi. Binobarin, uning otasi Dilmurod Lutfiddinov ham maslahat, ham qizining o‘qishidan xabar olish maqsadida N. Samadovga uchrashadi. Shunda ustoz bo‘lmish yumshoqlik bilan gap boshlaydi:

— Egamnazar domla bilan ham gaplashdim, o‘zim ham kuzatib boryapman, qizimizning chiza olish darajasi un­chalik yaxshi emas, — deydi u.

— Shuning uchun oldingizga maslahat so‘rab kelgandim, — deydi Dilmurod aka unga savolomuz qarab.

— Juda vaqtida kelibsiz, albatta, sizga yordam beraman, — deya avvaliga D. Lutfiddinovning ko‘nglini ko‘­targan bo‘ldi domla. So‘ng asl maqsadga o‘tdi. — Xo‘p desangiz, universitetdagi tanishlarim bilan gaplashaman. Xohlasangiz grantga, xohlasangiz kontraktga o‘qishga kiritib qo‘yishadi.

— Mayli, qancha bo‘larkin? — deb so‘radi Dilmurod aka.

— Grantga ikki ming, kontrakt bo‘lsa, ming dollar berasiz. Faqat oldindan besh yuz yoki olti yuzini berish ke­­rak, — deydi «hojatbaror» ustoz.

To‘g‘risi, Dilmurod Lutfiddinov bunday javobni kutmagandi. Shu bois u birdan hafsalasi pir bo‘lgandek, bo‘shashib qoldi. Negaki, uni «Qizimni hamma fanlardan tayyorlovga berdim, repetitorlar shunga yarasha pul olyapti. Yana nima uchun shuncha mablag‘ sarflashim kerak? Qolaversa, buncha pulni qayerdan topaman?» — degan savol o‘ylantirib qo‘ygandi. Binobarin, D. Lutfiddinov o‘y­lay-o‘ylay, huquqni muhofaza qiluvchi idoralarga muro­jaat­ qildi. Oqibatda mazkur holat yuzasidan tezkor tadbir o‘tkazildi. Ya’ni 2019 yil 23 iyul kuni N. Samadov o‘z xonasida undan 600 AQSh dollarini olib, stol tortmasiga solib qo‘yadi. Birozdan so‘ng esa, Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti va DXX Farg‘ona viloyat boshqarmalari xodimlari tomonidan ushlanadi. Pirovardida Nabijon Samadovga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 1-qismi, 28, 211-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘z­g‘atiladi. Jinoyat ishlari bo‘yicha Farg‘ona shahar sudi esa, aybdorga qonuniy jazo tayinladi. Shuningdek, unga 1 yil muddatga xalq ta’limi sohasida mansabdorlik va moddiy javobgarlik yuklatilgan lavozimlarida ishlash huquqi­dan mahrum qilishdan iborat qo‘­shimcha jazo ham tayinladi.

Shu o‘rinda bir mulohaza. So‘nggi yillarda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan yuksak e’tibor qaratilayotgan sohalardan biri bu — oliy ta’lim tizimidir. Xususan, yoshlarning oliy ta’lim bilan qamrab olishga alohida e’tibor qaratilib, har bir mutaxassislik bo‘­yicha qabul rejasi yil sayin ortib bormoqda.

Ayniqsa, jabr­lanuvchi V. Shokirjonova tanlagan pedagogika yo‘nalishidagi mutaxassisliklarni egallash borasida keng imkoniyatlar yaratilmoqda. Sudlanuvchi N. Samadov esa, buni abituriyentga va ota-onasiga to‘g‘ri tushuntirib, ularga qonuniy yo‘l ko‘rsatish o‘rniga vaziyatdan «unumli» foydalanib qolmoqchi bo‘ldi.

Mana oqibati — o‘zining misqollab yiqqan ob­ro‘sini bir zumda to‘kib, mahalla-ko‘y, qarindosh-urug‘ va yaqinlar o‘rtasida sha’niga dog‘ tushirdi.

Feruza SIDDIQOVA,

jinoyat ishlari bo‘yicha Farg‘ona shahar sudining sudyasi

Kiritildi: 15:37 05.06.2020. O'qildi: 7478 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!