Inson kashf etgan eng qora kashfiyotlardan biri – aroq bo‘lsa, ajab emas. Uning odamzot boshiga solgan kulfatlarini sanab adog‘iga yetish qiyin. Lekin hali-hanuz shisha ichida jilva qilib turgan “shayton suvi” ko‘pchilikni o‘ziga rom qilishda davom etmoqda. Odamlar qoniga so‘rilgan ushbu zahri qotil ko‘p hollarda ularni turli xil huquqbuzarlik va jinoyatlar ko‘chasiga boshlamoqda.
O‘ttiz sakkiz yoshni qarshilagan Sirojiddin ham, uning tug‘ishgan akasi Qobiljonni ham aroq dastlab bir-birlarini kurakda turmas so‘zlar bilan haqoratlashga, so‘ngra ayovsiz mushtlashishga va nihoyat, birining ko‘ksiga ikkinchisi pichoq urishiga sabab bo‘ldi.
O‘sha kuni ham Sirojiddin do‘kondan ikki shisha aroq olib, ulardan birini o‘sha yerning o‘zida bo‘shatdi va ikkinchisini olib, uyiga kirib keldi. Oradan ko‘p vaqt o‘tmay uyda akasi Qobiljon paydo bo‘ldi va u ham ulfatchilikka qo‘shildi. Aroq kamlik qilib, do‘kondan yana olib kelib ichishdi. Ketma-ket bo‘shagan shishalar chetga uloqtirildi. Oxir-oqibat, aka-uka ulfatlar g‘irt mast holga kelishdi. Bu paytda na akaning va na ukaning gap-so‘zlari bir-birining qulog‘iga kirardi. O‘rtada janjal chiqdi va bir onadan oq sut emgan ulfatlar bir-biriga sherdek tashlanishdi. O‘rtaga rafiqalar tushib, ularni ajratib qo‘ymoqchi bo‘lishdi, biroq ular ayollik qilishdi, bu ishning uddasidan chiqa olishmadi. Shunda ulardan biri yordam so‘rab ko‘chaga otildi va tez orada voqea joyiga ichki ishlar xodimlari kirib kelishdi. Bunga qadar esa haligina bir-birining bo‘g‘ziga yopishgan aka-ukalar qilg‘iliqni qilib bo‘lishgan, akasi Qobiljonning ko‘ksi va yelkalaridan qon oqar va u supacha ustida majolsiz o‘tirar edi. Shifokorlarning sa’y-harakatlari tufayligina Qobiljonning hayoti saqlab qolindi.Sud-tibbiy ekspertizasining xulosasiga ko‘ra, jabrlanuvchiga yetkazilgan jarohat uning hayoti uchun xafli bo‘lgan og‘ir shikastlar toifasiga kirar ekan.Mazkur holat bo‘yicha to‘plangan materiallar bilan yana bir bor tanishish davomida beixtiyor mashhur qo‘shiqchining “Bir onadan oq sut emgan ajab begonalar ko‘rdim” degan nidolari yodga tushadi. Chindan ham bu o‘tkinchi dunyo ko‘z ko‘rib, quloq eshitmagan, inson tafakkuri hazm qila olmaydigan voqea-hodisalarga to‘la. Ukaning aka ko‘ksini jarohatlashiga sabab nima edi? Aroqmi yoki oldindan ular o‘rtasida hukm surib kelgan oqibatsizlikmi yoki shaxsiy adovat? Nima bo‘lganida ham Farg‘ona shahridagi “Zarbdor” mahallasida sodir bo‘lgan ushbu voqea ancha vaqtgacha odamlar orasida gap-so‘z bo‘ldi. Jinoyatchi uka sudlandi. Faqatgina ushbu hodisaning kelib chiqishiga sabab bo‘lgan aroqning yuzi oqligicha qolib ketdi.