Bugun 27 aprel, 2024 yil, shanba

КИР

Farg‘onada ayol erini dahshatli tarzda o‘ldirdi. Nega?

Farg‘onada ayol erini dahshatli tarzda o‘ldirdi. Nega?

Xalqimizda azaldan oila vatan ichra mo‘’jaz vatan, muqaddas dargoh sifatida e’zozlanadi. Shu bois bir oila bo‘lib, uzoq yillar baxtli turmush kechirgan va oqil farzandlar tarbiyalagan piru badavlat insonlarga ko‘pchilikning havasi keladi.

Ammo oramizda oilaga nisbatan bepisand munosabatda bo‘luvchilar ham uchrab turadi. Shuning uchun ham keyingi paytlarda oilaviy ajrimlar va mojarolarning ortgani hamda asrlar mobaynida sayqal topib, qadrlanib kelinadigan sharqona oilaviy an’analarning o‘zgarib ketayotgani ko‘pchilikni o‘ylantirib qo‘ymoqda.

Muqaddas kitoblarimizda ham oila buzilsa, arshi a’lo larzaga keladi, deyiladi. Shu ma’noda, oilalarning darz ketishi, ba’zan oilaviy mojarolarning qasd yoki suiqasd holatlari bilan yakun topayotgani qalbimizni larzaga keltiradi.

Farg‘ona viloyatining Quva tumanida sodir etilgan jinoyat ham shunday bo‘ldi – o‘z turmush o‘rtog‘ini pichoqlab o‘ldirgan ayol qilmishi bu haqda eshitgan har qanday insonni chuqur qayg‘uga soldi.

Sudlanuvchi Minavar Sharipova 2009 yildan jabrlanuvchi D.Samanov bilan shar’iy nikohdan o‘tib, Quva tumaniga qarashli O‘raboshi mahallasida yashagan. Oilada ikki farzand tug‘ilgan bo‘lsa ham, afsuski, er-xotin o‘rtasidagi munosabatlarga darz ketgan edi. Marhum D.Samanov muqaddam bir necha marotaba sudlanib, uzoq yillar ozodlikdan mahrum etish joylarida saqlangani sababli tabiati og‘ir bo‘lib, ular bir-birlari bilan juda ko‘p janjallashardi.

O‘zaro kelishmovchiliklar, oiladagi nosog‘lom muhit sababli Minavar ota uyiga ketib qolardi. 2018 yilning may oyida mahalla faollarining aralashuvi bilan er-xotin yarashtirib qo‘yildi, ammo baribir uyda har kuni janjal ko‘tarilaverdi. Iyun oyining boshlarida eri unga tan jarohati yetkazganda, profilaktika inspektori tomonidan hujjatlar rasmiylashtirilib, ma’muriy ishlar bo‘yicha Quva tuman sudining sayyor majlisida ko‘rib chiqildi. M.Sharipova D.Samanov bilan yarashib olganligini bildirgani sabab sud tomonidan turmush o‘rtog‘i ogohlantirildi. Shundan so‘ng ham D.Samanov xotiniga tazyiq o‘tqazib, uyatli so‘zlar bilan haqoratlash va tan jarohati yetkazishda davom etaverdi. Nihoyat, xo‘rlik va kaltaklardan zada bo‘lgan ayolning sabr kosasi to‘ldi.

2018 yilning 20 iyul kuni soat 14:00 larda D.Samanov turmush o‘rtog‘i bilan yana janjallashib, uyatli so‘zlar bilan so‘kdi va uyga boshqa ayolni olib kelishini takror va takror ta’kidladi. Bu bilan ham xumori bosilmay agar xohlasa bu uyda cho‘ri sifatida yashashi mumkinligini aytib, kutilmaganda ayoliga tashlanib, oshxona pichog‘i bilan ikkala son sohalariga tan jarohati yetkazdi. Shundan so‘ng pichoq va jarohatlarini yuvib kelishini buyurganida, tashqariga chiqib erining bunday harakatidan g‘azablangan ayol oshxona pichog‘i bilan qurollangan holda xonaga qaytib kiradi. Uxlamoqchi bo‘lib yotgan D.Samanovning orqasidan kelib, dastlab bo‘yin sohasiga pichoq uradi. Keyin qattiq zarb bilan tanasining turli joylariga ko‘plab sanchib kesilgan jarohatlar yetkazib, erini qasddan o‘ldiradi...

Yaqinda mazkur ayanchli jinoyat sababchisi bo‘lgan ayolning xatti-harakatlari yuzasidan odil sud hukmi chiqarildi. Jinoyat ishlari bo‘yicha Farg‘ona viloyati sudida sudya D.Xoliqnazarova raisligida ushbu jinoyat ishi atroflicha o‘rganilib, jazo tayinlashda sudlanuvchini besh nafar farzandi borligi, qaramog‘idagi uch nafari voyaga yetmaganligi, jinoyatni marhum D.Samanovning g‘ayriqonuniy harakatlari tufayli sodir etgani kabi holatlar inobatga olindi. Sudlanuvchi M.Sharipovaga O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksi 97-moddasining 1-qismiga asosan hamda JKning 57-moddasini qo‘llab, 6 yil ozodlikdan mahrum etish jazosi tayinlandi.

Albatta, bu holatda ayol kishining jinoyatga qo‘l urishi ko‘plab omillarga bog‘liq. Yana ham aniqroq aytganda, oiladagi nosog‘lom muhit bois ayol o‘z erining qotiliga aylandi. Chunki uzoq davom etgan janjallar M. Sharipovaning tinkasini quritgani rost. Bu oilaviy kelishmovchilik va mojarolar esa afsuski, fojia bilan yakun topdi.

Manba: darakchi.uz

Kiritildi: 22:32 12.11.2018. O'qildi: 6111 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!