Amerikaning Facebook kompaniyasi 2022 yilda “aqlli” soatlar ishlab chiqarib, ularni bozorga chiqarishni rejalashtirmoqda. Bu haqda vaziyatdan xabardor manbalarga iqtibos keltirgan holda “The Information” xabar bermoqda.
Manbalarga ko‘ra, soat o‘z egalariga Facebook xizmatlari orqali xabar yuborish, fitness va sog‘liqni saqlash imkoniyatlaridan foydalanishga yordam beradi.
Shuningdek, “aqlli” soat Android operasion tizimida ishlashi kutilmoqda. Biroq, Facebook kelajakdagi qurilmalari uchun o‘z operasion tizimini ishlab chiqishni ham rejalashtirgan.
Facebook 2012 yilda Instagram’ni 1 milliard dollarga sotib olgandi. O‘shanda dastur 30 millionga yaqin foydalanuvchiga ega bo‘lgan. Ikki yildan so‘ng, Facebook WhatsApp messenjerini sotib oldi.