Evroparlament bolalarga nisbatan jinsiy zo‘ravonlik holatlarini aniqlash maqsadida xususiy chatlardagi yozishmalarni tekshirishga ruxsat beruvchi qoidalarni qo‘llab-quvvatladi.
Yangi tartib kuchga kirsa, Meta, Microsoft, Google va boshqa texnologik kompaniyalar shaxsiy xabarlarni skaner qilish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Biroq ushbu qoidalar boshidan oxirigacha shifrlangan (end-to-end encryption) chatlarga, jumladan WhatsApp va Signal platformalariga tatbiq etilmaydi.
Bunday amaliyot avval ham mavjud bo‘lgan, ammo uning huquqiy asosini ta’minlovchi istisno muddati aprel oyida tugagan edi. Yevroparlament uni avvalgi ko‘rinishda uzaytirishdan bosh tortgan.
Rejaga ko‘ra, vaqtinchalik ruxsatnoma 2028 yil apreligacha amal qiladi. Qoidalar kuchga kirishi uchun Yevropa komissiyasi o‘z pozisiyasini bildirishi, yakuniy qaror esa Yevropa Ittifoqi Kengashi tomonidan qabul qilinishi lozim.