Evropa yurisdiksiyasiga tegishli sud Aleksey Navalniyning Alisher Usmonov haqida aytgan bayonotlarini tarqatishni taqiqladi. Shuningdek, sud tadbirkorning da’vosini qanoatlantirib, Frankfurter Allgemeine Zeitung gazetasining uning Kreml bilan aloqalari haqidagi da’volarini tuhmat deb topgan.
Gamburg yer sudi milliarder Alisher Usmonovning Germaniyaning Frankfurter Allgemeine Zeitung (FAZ) nashriga qarshi kiritgan da’vosini qanoatlantirib, tadbirkorga nisbatan qator bayonotlarni tarqatishni taqiqladi va ularni to‘hmat sifatida e’tirof etdi. Bu haqda RBKga Usmonov matbuot xizmati va uning advokatlari ma’lum qildi.
Nemis sudi qarorni 23 yanvar kuni e’lon qilgan. Taqiqni har bir buzganlik holati uchun 250 ming yevrogacha jarima solinishi, agar jarimani undirish imkoni bo‘lmasa — har bir qoidabuzarlik uchun olti oygacha ma’muriy qamoq jazosi, umumiy hisobda esa ikki yilgacha qamoq jazosi qo‘llanilishi mumkin.
«Sud tomonidan taqiqlangan bayonotlar qatoriga FAZ nashrida A.Usmonov go‘yoki o‘z boyligidan “Kreml manfaatlari yoki uning topshirig‘i asosida” foydalangani, O‘zbekistonda Rossiya hokimiyati manfaatlarini norasmiy tarzda ifoda etgani, shuningdek, 2006 yilda “Kommersant’” gazetasini sotib olgandan keyin uning tahririyati siyosatiga aralashgani haqidagi iddaolar kiradi», — deya xabar qildi tadbirkor vakillari.
Shuningdek, Yevropa yurisdiksiyasiga mansub sud ilk bor Rossiya sudi tomonidan avval yolg‘on deb topilgan A.Navalniyning da’volarini tarqatishni ham taqiqladi.
2017 yilda Usmonov Aleksey Navalniyning Korrupsiyaga qarshi kurash jamg‘armasi tomonidan tarqatilgan bayonotlarni rad etishni talab qilib sudga murojaat qilgan edi. Moskva shahrining Lyublin tuman sudi Usmonov da’vosini qanoatlantirib, javobgarlarni u haqidagi bayonotlarni internetdan olib tashlashga majbur qilgan.
Usmonov vakillarining ta’kidlashicha, Navalniy bayonotlari va FAZ materiallari Yevropa Ittifoqi tomonidan tadbirkorga qarshi sanksiyalarni asoslashda (Usmonov 2022 yil fevral oyida sanksiyalarga tushgan) hamda Germaniyada tergov boshlanishida qo‘llanilgan. Media huquqi bo‘yicha advokat Yoaxim Shtaynxyofel, Usmonov manfaatlarini himoya qilar ekan, Gamburg sudi qarori «FAZ maqolasidagi asosiy da’volar Navalniy tomonidan tarqatilgan yolg‘on va obro‘sizlantiruvchi cho‘pchaklardan iborat ekanini tasdiqlaydi», deya ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Yevropa Ittifoqi sanksiyalarining asoslanishi «tuhmat, asossiz va noqonuniy ayblovlar yig‘indisidan iborat».
USM asoschisi Yevropa sanksiyalarini nohaq deb atab, ular «soxta va dalilsiz ayblovlar» asosida qabul qilinganini aytgan, shuningdek, unga nisbatan teng munosabat va kamsitmaslik tamoyillari buzilganini ta’kidlagan. U sanksiyalar bo‘yicha qarorni sud orqali bekor qilishga uringan, biroq Yevropa Ittifoqi sudi bir necha bor tadbirkor da’volarini rad etgan.
Sanksiyalar ro‘yxatiga kiritilgandan so‘ng Usmonov G‘arb ommaviy axborot vositalariga qarshi bir necha bor da’vo arizalari kiritib, sudlarda g‘alaba qozongan. Masalan, o‘tgan yil may oyida Gamburg sudi Mediahuis Luxembourg S.A. mediaxoldingi nashrlarida 2022 yilda hibsga olingan Dilbar superyaxtasi Usmonovga tegishli ekani haqidagi ma’lumotlarni haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi, deb topgan. 2024 va 2025 yillarda Germaniyada Usmonovga nisbatan qo‘zg‘atilgan ikkita tergov — pul yuvish va sanksiyalarni buzish gumonlari bo‘yicha ishlar to‘xtatilgan.
Forbes jurnali ma’lumotlariga ko‘ra, Usmonovning boyligi 2025 yil aprel holatiga ko‘ra 16,7 milliard AQSh dollariga baholangan.