Eron futbol federasiyasi rahbari Mehdi Tojning ma’lum qilishicha, milliy terma jamoaning o‘quv-mashg‘ulot yig‘ini AQShdan Meksikaga ko‘chirilgan.
Bu xabar shunisi bilan ahamiyatliki, federasiya Eronning o‘yinlarini ham AQShdan Meksikaga o‘tkazishni rejalashtirgan edi, biroq bu taklif ma’qullanmadi. Shunday bo‘lsa-da, baza manzilining o‘zgarishi viza bilan bog‘liq muammolarni qisman hal qilishi mumkin, chunki Eron delegasiyasining AQShda bo‘lish muddati sezilarli darajada qisqaradi.
Toj shunday dedi: "Biz AQSh bilan chegarada joylashgan Meksikaning Tixuana shahridagi bazada o‘z yig‘inimizni o‘tkazamiz. Bu yerda barcha mashg‘ulot maydonlari, trenajyor zali, maxsus restoran va boshqa qulayliklar mavjud bo‘lib, u juda chiroyli va zamonaviy majmua hisoblanadi. Los-Anjelesdagi ikkita o‘yinimizgacha bo‘lgan masofa 55 daqiqalik yo‘l bo‘lib, Arizona shtatining Tuson shahridagi avvalgi bazamizga qaraganda ancha yaqinroq. Agar avtobusda borsak, 3 soat-u 20 daqiqa vaqt ketadi. Sietlda bo‘lib o‘tadigan ikkinchi o‘yinimiz uchun esa masofa Arizonaning Tuson shahridan borish bilan aynan bir xil – 3 soatni tashkil qiladi.
Ushbu o‘zgarish tufayli viza va shunga o‘xshash masalalar ortiq muammo tug‘dirmaydi va katta ehtimol bilan hal etiladi. Chunki Eron terma jamoasi to‘g‘ridan-to‘g‘ri Meksikaga boradi va biz hatto "Iran Air" aviakompaniyasi reysi orqali Meksikaga uchib, o‘sha yerdan qaytishimiz ham mumkin".