Eron Livanning "Hizbulloh" guruhini qo‘llab-quvvatlashda davom etadi.
Bu haqda Eron tashqi ishlar vaziri Abbos Arag‘chining Livan guruhi bosh kotibi Naim Qosimga yo‘llagan maktubida aytilgan.
"Eron hech qachon "Hizbulloh"ni qo‘llab-quvvatlashni to‘xtatmaydi", dedi vazir.
Uning ta’kidlashicha, bu qo‘llab-quvvatlash Eronning marhum Oliy Rahbari Oyatulloh Ali Xomeneyga berilgan va’dadir: "Eron va AQSh o‘rtasidagi mojaroni hal qilish bo‘yicha bir nechta davlatlar vositachiligida dastlabki kunlardan boshlab Tehron har qanday kelishuv Livanda sulhni o‘z ichiga olishi kerakligini ta’kidlab kelgan".
28 fevral kuni Qo‘shma Shtatlar va Isroil Eronga qarshi harbiy operasiya boshladilar va bir nechta shaharlarga hujum qilishdi. Operasiya Yaqin Sharqda vaziyatning keskinlashishiga, barcha Fors ko‘rfazi davlatlarini mojaroga jalb qilishga va Hormuz bo‘g‘ozini to‘sib qo‘yishga olib keldi.
Livan "Hizbulloh" guruhi Eron tomonida urushga kirib, Isroilga raketalar va dronlar otgandan so‘ng, Isroil armiyasi guruh infratuzilmasi joylashgan janubiy Livan va Bayrutning janubiy chekkalariga zarbalar berdi. Isroil shuningdek, janubiy Livanda quruqlikdagi operasiyasini kengaytirdi.
14 aprel kuni Vashingtonda AQSh homiyligida sulh bitimiga erishishga qaratilgan tinchlik muzokaralarining boshlanish sanasini aniqlash uchun Livan-Isroil muzokaralarining dastlabki bosqichi bo‘lib o‘tdi. Delegasiyalarga Livan va Isroilning AQShdagi elchilari Nada Hammadeh-Mouavad va Yexiel Layter boshchilik qilishdi.
16 aprel kuni AQSh prezidenti Donald Tramp Isroil va Livan 10 kunlik sulhni amalga oshirishga kelishib olganini e’lon qildi, bu sulh Sharqiy vaqt bilan soat 17:00 da kuchga kiradi. 15 may kuni AQSh Davlat departamenti Vashingtondagi tomonlar o‘rtasidagi so‘nggi muzokaralardan so‘ng sulhni yana 45 kunga uzaytirishni e’lon qildi.