Bugun 30 avgust, 2026 yil, yakshanba

КИР

Eron benzin narxini oshirishga tayyorgarlik ko‘rmoqda

Eron benzin narxini oshirishga tayyorgarlik ko‘rmoqda

Hukumat AQSh bilan urush, daromadlarning qisqarishi va yoqilg‘i tanqisligi sharoitida imtiyozli kvotadan ortiq benzin narxini ikki baravarga oshirishi mumkin.

Eron prezidenti Mas’ud Pezeshkiyon hukumat benzinning «uchinchi toifa iste’moli» uchun narxni oshirishni rejalashtirayotganini bildirdi. Bu amaldagi imtiyozli kvotalardan tashqari sotiladigan yoqilg‘iga taalluqli. Uning so‘zlariga ko‘ra, bunday benzin narxi litriga 5 ming rialdan 10 ming rialga ko‘tarilishi mumkin va bu miqdordan oshmaydi.

Pezeshkiyon mamlakatni yoqilg‘i bilan ta’minlashdagi muammolarni AQSh bilan davom etayotgan urush bilan bog‘ladi. Uning aytishicha, harbiy harakatlar tufayli tovar yetkazib berish zanjirlari buzilgan, Eron daromadlari qisqargan. Mamlakat nafaqat o‘z yoqilg‘isini sarflamoqda, balki benzinni xorijdan sotib olishga ham majbur bo‘lmoqda. Shu sababli hukumat yoqilg‘i iste’molini yanada qat’iy nazorat qilishni rejalashtirmoqda.

Eron benzin tanqisligiga duch kelmoqda: ichki iste’mol kuniga taxminan 135 million litr, ishlab chiqarish esa qariyb 121 million litrni tashkil etadi. AQSh sanksiyalari import imkoniyatlarini cheklayotgani, shuningdek urush davrida neftni qayta ishlash infratuzilmasi zararlangani taqchillikni yanada kuchaytirmoqda.

Narhlar o‘zgarishi kutilgani sababli mamlakatda yoqilg‘i quyish shoxobchalari oldida uzun navbatlar paydo bo‘ldi. Biroq hukumat mamlakatda keskin yoqilg‘i tanqisligi yo‘qligini, aholi o‘rtasidagi shoshilinchlik asosan narxlar oshishidan xavotir bilan bog‘liqligini bildirmoqda.

Pezeshkiyon iqtisodiy vaziyat og‘irligicha qolayotganini tan oldi. U asosiy muammolar qatorida inflyasiya, bandlik va davlat daromadlarining kamayishini tilga oldi. Uning so‘zlariga ko‘ra, hukumat aholiga qo‘shimcha bosim o‘tkazmasdan yoqilg‘i iste’molini qisqartirishi kerak.

Benzin narxini oshirishdan tashqari, hukumat avtomobil harakatini cheklash, jamoat transportini rivojlantirish va taksi, motosikl hamda boshqa transport vositalarini elektrlashtirish orqali iste’molni kamaytirishni ham ko‘rib chiqmoqda. Pezeshkiyon avtomobil ishlab chiqaruvchilarni yoqilg‘i sarfini kamaytirishga chaqirdi va ko‘rsatkichlarini yaxshilay olmagan kompaniyalar ishlab chiqarishni davom ettirish imkoniyatidan mahrum bo‘lishi mumkinligidan ogohlantirdi.

Prezident, shuningdek, Tehron AQSh bilan muzokaralarni davom ettirayotganini bildirdi. Eron blokada va sanksiyalarni bekor qilish, neft hamda neft-kimyo mahsulotlari eksportini tiklash, muzlatilgan mablag‘larni ochish va investisiyalarni qayta tiklashga umid qilmoqda. Buning evaziga Tehron Hurmuz bo‘g‘ozini ochish shartlarini muhokama qilishga tayyor.

Kiritildi: 21:56 29.08.2026. O'qildi: 682 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!