Bugun 3 oktyabr, 2026 yil, shanba

КИР

Er aholisining 40 foizi xavfli ozon bilan nafas oladi

Er aholisining 40 foizi xavfli ozon bilan nafas oladi

2026 yilda Yer aholisining deyarli 40 foizi yer ustidagi ozonning xavfli darajasiga duchor bo‘layotir. Mazkur holat ayniqsa, Osiyo, Yevropa va Shimoliy Amerikaga katta ta’sir ko‘rsatdi.

Bu haqda “Kopernik” dasturi Atmosfera monitoringi xizmatining (CAMS) yangi hisobotida aytilgan, ma’lumotni ABC News keltirmoqda.

Er atrofidagi ozon sayyoramizni ultrabinafsha nurlardan himoya qiluvchi ozon qatlamidan farq qiladi. Ushbu ifloslantiruvchi modda bevosita sayyora yuzasida, boshqa ifloslantiruvchi moddalar quyosh nuri va yuqori harorat ta’sirida kimyoviy reaksiyalarga kirishganda hosil bo‘ladi. Shuning uchun issiq davrlar ozon bilan ifloslanishni kuchaytirishi mumkin.

“Ozon ifloslanishi atmosferamiz, iqlim, salomatlik va tirikchilik vositalari bir-biriga qanchalik bog‘liq ekanligini eslatib turadi”, – dedi CAMS direktori Lorens Ruil. Uning so‘zlariga ko‘ra, havoning ifloslanishi va iqlim o‘zgarishi havo tarkibiga, ekotizimlar holatiga va qishloq xo‘jaligi ekinlarini yetishtirish imkoniyatiga ta’sir qiladi.

Shimoliy Amerikadagi vaziyat so‘nggi yillarda, chiqindilarni kamaytirish choralariga qaramay, deyarli yaxshilanmadi. Tadqiqotchilar buni o‘rmon yong‘inlari va iqlim o‘zgarishi bilan ham bog‘lamoqda. Yong‘in tutuni tarkibida ozon hosil qiluvchi moddalar va boshqa ifloslantiruvchi moddalar mavjud bo‘lib, minglab kilometr masofaga tarqalishi mumkin.

Shu bilan birga, Okeaniya (Tinch okeanining markaziy va g‘arbiy qismlarida, Osiyo, Avstraliya va Amerika o‘rtasida joylashgan. Bu alohida mamlakat emas, balki minglab orol va orolchalardan iborat ulkan geografik hudud) havo sifati eng yaxshi bo‘lgan hududlardan biri bo‘lib qolmoqda: CAMS hisobotiga ko‘ra, uning barcha aholisi ozon bilan ifloslanish darajasi yaxshi yoki qoniqarli bo‘lgan hududlarda yashaydi.

Atmosphere Watch hisoboti 2026 yilning dastlabki sakkiz oyini qamrab oladi. Uning mualliflari havo ifloslanishi global muammo bo‘lib qolayotganini ta’kidlamoqda: JSST ma’lumotlariga ko‘ra, sayyoramiz aholisining qariyb 99 foizi havo sifati va bu boradagi tavsiyalarga javob bermaydigan hududlarda yashaydi, deb yozadi science.mail.ru.

Kiritildi: 17:30 02.10.2026. O'qildi: 381 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!