Nafaqat AQShda, balki butun dunyoda jurnalistika va so‘z erkinligiga bag‘ishlangan noyob san’at dargohi sifatida mashhur bo‘lgan “Newseum” muzeyi eshiklari 2019 yilning 31 dekabr kuni soat 17:00 da so‘nggi bor yopildi. U 12 yil davomida poytaxt Vashington shahri markazidagi muhtasham binoda faoliyat olib bordi.
Gap shundaki, muzey bankrot bo‘lgan. Unga kirish pulli bo‘lsa-da, bu narsa o‘zini o‘zi qoplashga yetmagan. Muzey binosini Jons Xopkins universiteti 372,5 million dollarga sotib oldi.
“Newseum” nafaqat AQShda, balki butun dunyoda jurnalistikaga va so‘z erkinligiga bag‘ishlangan noyob san’at dargohi sifatida mashhur edi. Bu yerda Berlin devori va 11 sentyabrda vayron bo‘lgan Nyu-Yorkdagi egizak binolar parchalari, Yugoslaviyadagi urushda jurnalistlarning pachaqlangan mashinasi, dunyoning nufuzli gazetalari bosh sahifalari kabi ko‘plab noyob eksponatlar ko‘rgazmaga qo‘yilgan edi. Muzey bundan buyon o‘z faoliyatini onlayn davom ettirishini ma’lum qildi.
Umuman, AQShda an’anaviy jurnalistikaning ahvoli yaxshi emas. O‘tgan 15 yil ichida 2000 dan ortiq gazeta yopilgan. “Gallup” o‘tkazgan ommaviy so‘rovga ko‘ra, bugun Amerika aholisining yarmidan ko‘pi matbuotga ishonmaydi. Ommaviy axborot vositalarini ishonchli manba sifatida ko‘radiganlar soni o‘tgan asrning 70 yillarida 70 foiz bo‘lgan.