Lyuksemburg jamoat transportidan foydalanish tekin bo‘ladigan ilk davlatga aylanishga tayyorlanmoqda: 1 martdan e’tiboran mamlakatdagi barcha poyezdlar, tramvaylar va avtobuslarda yo‘lovchilardan haq olinmaydi.
“Evronyus” xabarida aytilishicha, yo‘lovchilar bu imkoniyatdan faqatgina mamlakat ichidagi jamoat transportlarida foydalanishi mumkin, buning uchun ular nazorat paytida shaxsni tasdiqlovchi hujjat ko‘rsatishlari kifoya. Biroq xorijga bormoqchi bo‘lganlar haq to‘lashiga to‘g‘ri keladi.
Jamoat transportini tekin qilishdan asosiy maqsad odamlarni shaxsiy transport vositalaridan foydalanishdan voz kechishga undashdir. Mazkur rejaning amalga oshirilishi davlatga yiliga 41 million yevroga tushadi.
Lyuksemburgda atigi 600 ming kishi yashaydi, biroq har kuni qo‘shni davlatlar: Fransiya, Belgiya va Germaniyadan 200 mingdan ortiq kishi bu yerga ishlash uchun keladi. Buning oqibatida yo‘llarda muntazam ravishda tirbandliklar kuzatiladi, hukumat ana shu holatga barham bermoqchi.