Dog‘istonda to‘rtta qishloqdagi 120 ga yaqin uy suv ostida qolmoqda.
Bu haqda TASS Rossiya Favqulodda vaziyatlar vazirligiga tayanib xabar berdi.
"Dog‘iston Respublikasida to‘rtta qishloqda 117 ta turar-joy binosi, 122 ta bog‘ uchastkasi va oltita yo‘l uchastkasi suv ostida qolmoqda. Ikkita munisipalitetda elektr ta’minotini tiklash ishlari olib borilmoqda. 15 ta vaqtinchalik turar-joy markazida 537 kishi, jumladan, 159 bola qolmoqda", deyiladi xabarda.
Ta’kidlanishicha, Shimoliy Kavkazdagi og‘ir ob-havo oqibatlarini bartaraf etish uchun 2000 dan ortiq mutaxassis va 680 ta RSCHS uskunalari, jumladan, Rossiya Favqulodda vaziyatlar vazirligining samolyotlari ishlamoqda.
Mart oyi oxiri va aprel oyi boshida Dog‘istonning bir nechta tumanlarida g‘ayritabiiy kuchli yomg‘ir suv toshqini va turar-joy binolarining vayron bo‘lishiga olib keldi. Favqulodda vaziyatlar vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, respublikada olti kishi halok bo‘lgan. Favqulodda vaziyatdan jami 1,5 milliongacha aholi jabr ko‘rgan. 6229 kishi, jumladan, 1300 bola evakuasiya qilingan. Dog‘iston va qo‘shni Chechenistonda federal favqulodda holat e’lon qilindi.