Bugun 20 aprel, 2024 yil, shanba

КИР

DAVOSI YO‘Q VIRUS: Koronovirusning jahonga “yurishi” boshlandi

DAVOSI YO‘Q VIRUS: Koronovirusning jahonga “yurishi” boshlandi

Xitoy Xalq Respublikasining markaziy Xubey provinsiyasining Uxan shahridan boshlanib, mamlakatning qolgan qismlari va yana qator mamlakatlarda kuzatilayotgan yuqumli virus – koronovirusning keng tarqalayotgani va insonlarning o‘limiga sabab bo‘layotgani butun sayyoramizda xavotirlarni kuchaytirib yubordi.

Hozircha vaksinasi topilmagan zotiljam xastaligining tarqalishi soyasida rasmiy Pekin mamlakatning 8 ta provinsiyasida karantin joriy etdi. Xitoy hukumati o‘z fuqarolariga murojaat qilib ko‘p odam yig‘iladigan joylarga bormaslik, ommaviy tadbirlarni bekor qilishga chaqirdi. Oxirgi ma’lumotlarga ko‘ra, Xitoyda yangi koronavirusdan kasallanganlar soni 830 nafardan oshib ketdi, uning qurbonlari soni 26 nafarga yetdi. Qurbonlardan 24 nafari Uxan joylashgan Xubey provinsiyasida, yana 2 nafari uning tashqarisidagi hududlarda vafot etgan. Virus, shuningdek, Xitoy tashqarisiga chiqib, u bilan kasallanish holatlari Janubiy Koreya, Yaponiya, AQSH, Vyetnam, Singapur va Tailandda qayd qilingan. Virusning koronavirus deb atalishiga sabab shuki, uning atrofidagi o‘simtalar tojga o‘xshaydi.

Kuni kecha Xitoy sog‘liqni saqlash davlat qo‘mitasi yangi virus odamdan odamga yuqishini tasdiqladi. Aytilishicha, kasallikni xastalanganlar bilan muloqotda yuqtirib olish mumkin. Shu bois bir necha davlat virus tarqalishini oldi olish uchun chora ko‘rmoqda. Xususan, Osiyo davlatlari aeroportlarida yo‘lovchilar tekshirilmoqda. Shuningdek Avstraliya, Bangladesh, Nepal, Singapur va AQSh aeroportlarida ham nazorat kuchaytirildi. Virus tarqalishi ortidan O‘zbekistonda ham chegara nazorati kuchaytirildi.

Olimlar taxminlariga ko‘ra, virus Uxan shahridagi mol bozoridan boshlangan. Epidemiyaga  koronavirusning avval kuzatilmagan turi sababchi ekanligi aniqlandi.

2003 yilda  koronavirusning boshqa bir turi og‘ir o‘tkir respirator sindromi epidemiyasini keltirib chiqargan edi. O‘shanda ham virus hayvonlardan odamlarga yuqqan. 2002-2003 yillarda sindrom 37 davlatda 8 mingdan oshiq kishiga yuqqan, 774 nafar kishining yostig‘ini quritgan.  Koronavirusning turli xillari odamlar va hayvonlar ichida tarqalgan bo‘lib, ayrimlari yengil, ayrimlari og‘ir kasalliklarga olib keladi. Garchi virus kuchli xavotirlarga sabab bo‘layotganiga qaramay, chorshanba kuni Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti kasallikni global favqulodda vaziyat deb topishga qaror qilmadi. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti xodimlari tarqalayotgan virusni global favqulodda vaziyat deb e’lon qilishdan oldin kasallik haqida to‘liqroq ma’lumot to‘plash kerak bo‘lishini aytishdi. Ular yakuniy qaror chiqarishda bunday chora xalqaro savdoga ko‘rsatadigan ta’sir ham e’tiborga olinishini qo‘shimcha qilishdi. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti so‘nggi marta 2014-2016 yillarda G‘arbiy Afrikada tarqalgan Ebola virusini global favqulodda vaziyat deb belgilagan edi.

Xitoyda yangi tarqalgan virusga qarshi choralar ko‘rilmoqda, biroq  koronavirus haqida ma’lumot kam bo‘lgani sabab undan davolash usullari ham noaniq. Virus nafas olish yo‘llari, oshqozon-ichak trakti, asab tizimiga zarba beradi. Uning 2002-yilda tarqalib, 774 odamning o‘limiga sabab bo‘lgan SARS virusiga o‘xshashligi aytiladi. 2012-yilda esa boshqa bir  koronavirus – Yaqin Sharqdagi nafas olish yo‘llari sindromi tarqalgan edi. “Bu virus odamlarga har holda ko‘rshapalaklardan yuqqan, ammo hozir tuyalarga ham o‘tgan. Bu  koronaviruslarning hayvondan insonga o‘tish xususiyati mavjud”, — deydi Merilend universiteti olimi Mettyu Frimen. O‘tgan yil dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida ilk bor qayd etilgan yangi  koronavirus insonga dengiz mahsulotlaridan o‘tgani, so‘ng esa havodan, masalan, oddiy yo‘tal yoki aksirish bilan yuqishi aniqlandi. Frimenning aytishicha,  koronavirusni yuqtirish juda oson. Yoshi kattalarning unga qarshilik ko‘rsatishi qiyinroq. “Agar 65 yoki undan katta bo‘lsangiz, asoratlari ko‘p bo‘lishi mumkin”, — deydi AQSh sog‘liqni saqlash institutidan Entoni Fauchi. Asoratlarga pnevmoniya, bronxit, buyrak yetishmovchiligi, o‘pkada suyuqlik to‘planishi va hatto o‘lim misol bo‘la oladi. “Ikkilamchi bakterial infeksiyaga uchrasangiz, antibiotik ichishingiz mumkin. Nafas olish qiyinlashsa, respiratordan foydalansa bo‘ladi, ammo shunda ham sog‘ayib ketishga kafolat yo‘q, chunki virus yangi”, — deydi doktor Fauchi. Dunyo olimlari ayni damda uni o‘rganmoqda.

“Virus qayerdan keldi, qanday faoliyat yuritadi, uning tarqalishini tushunish uchun diagnostika ishlab chiqish mumkinmi? Shularni bilish muhim”, — deydi Frimen. Ayni paytda AQSh Yuqumli kasalliklarning oldini olish markazi qo‘lni tez-tez yuvishni, yo‘talganda og‘izni tirsak yoki salfetka bilan yopishni tavsiya qilmoqda.

Eng yomoni, Xitoydan tarqalayotgan yangi toj virusining global epidemiyasi AQSH-XXR savdo urushidan ko‘ra ko‘proq miqyosda jahon iqtisodiyotiga zarba berishi mumkin. Ma’lumki, bu ikki davlat savdo janjalidan dunyo 600-700 milliard AQSh dollaridan ko‘proq ziyon ko‘rgan. Aytish joiz: jahon birjalari hozirdan “qaltirashga” tushgan. Aviakompaniyalarning, aksiyalari, hashamatli buyumlar bilan savdo qiluvchi kazino va kompaniyalarning mollari narxi keskin tushib bormoqda. Neft kotirovkalari haqida ham shunday deyish mumkin. Ekspertlar hisob-kitobiga qaraganda, xavotirlar oshib boraversa, “qora oltin” narxi kamida 3 dollarga arzonlashadi.

Uxan qanday shahar?

Uxan ayrim ma’lumotlarga ko‘ra, dunyoning yirik shaharlari ro‘yxatida 42 – o‘rinda, Xitoyda 7 – o‘rinda turadi. BMT ma’lumotlarida aytilishicha, Uxanda 9 milliondan 11 milliongacha kishi istiqomat qiladi. Shaharning hajmi va uning iqtisodiy taraqqiyoti Osiyo hamda jahonning boshqa mamlakatlariga, shu jumladan, AQShgacha bu qadar katta tezlikda tarqalganiga oydinlik kiritgandek bo‘ladi. 2016 yildan beri har yili Uxan Tyanxe aeroporti 20 milliondan ziyod yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatadi. U yerdan London, Parij, Dubay va yer sharining boshqa ko‘plab shaharlarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri havo parvozlari amalga oshiriladi. Yanszi daryosi qirg‘og‘ida joylashgan shahar o‘zining yuqori texnologiyasi va sanoati bilan tanilgan. Uxanda sanoatlashgan zonalar ko‘p va 52 ta o‘quv muassasalari bo‘lib, unda 700 ming talaba tahsil oladi. Fortune Global ro‘yxatidagi 500 ta yirik kompaniyaning 230 tasi shahar sanoatiga sarmoya kiritgan.

Xitoy hukumatiga ko‘ra, yangi virus Xitoy markazidagi Uxan shahridagi baliq bozoriga dengiz jonivorlarini noqonuniy olib kelgan odamlardan boshqalarga yuqqan. Hukumat Uxan shahriga bormaslik va shahardan chiqmaslik maslahatini berdi va hatto karantin e’lon qildi. Boz ustiga, barcha keng ko‘lamli tadbirlarni — oy taqvimi bo‘yicha 25 yanvarga belgilangan Yangi yil bayrami, ommaviy sayllar, shu jumladan ibodatxonalardagi an’anaviy yarmarkalarni bekor qilishga to‘g‘risida qaror qabul qilingan.

Virus Saudiyagacha etib bordi

Saudiya Arabistonining Hamis-Mushayt shahridagi shifoxonada Hindistonning Kerala shtatidan 30 hamshira ulardan biri yangi turdagi koronavirus bilan zararlanganlikka gumon qilingach karantinga joylashtirildi. Bu haqda The Hindustan Times nashri ma’lum qildi. Kerala shtati tashqi ishlar vaziri Vellamvelli Muralidxaranning ta’kidlashicha, Saudiya Arabistonidagi shifoxonada 100 dan ko‘proq hindistonlik hamshira ishlaydi va ulardan 30 nafari kuzatuv ostiga olingan. 38 yoshli hamshira koronavirusni u bilan zararlangan bemor bilan aloqada bo‘lganda yuqtirib olgan. Keyinroq ushbu hamshira bilan aloqada bo‘lgan barcha hamshiralar karantinga joylashtirilgan. Hamshiralarning aytishicha, ular biror-bir tekshiruvsiz karantinga joylashtirilgan.Biroq hamshiralardan birining yaqini ma’lum qilishicha, 20 hamshiradan virusga tahlil olingan va barcha testlar virus borligini ko‘rsatgan. Yangi virusning inkubasion davri haqida hech narsa ma’lum bo‘lmagani sababli barcha hamshiralar karantinga olingan. Manbaning ta’kidlashicha, hamshiralarning ahvoli “haqiqatan ayanchli”.

Xavf qay darajada?

Koronavirus infeksiyasining oqibatlari turlicha: o‘rtacha shamollashdan o‘limgacha. Yangi virus ushbu diapazonning o‘rtasida joylashgan ko‘rinadi.

“Biz yangi  koronavirus bilan duch kelganimizda, alomatlar jiddiyligini aniqlashga intilamiz. Bu safar simptomlar shamollashni eslatadi, ya’ni xavotirlanishga asos bor, lekin bu SARSʼdek qo‘rqinchli emas”, — deydi Edinburg universiteti professori Mark Vulhaus. Yaqin Sharq respirator sindromi (Mers) esa odamlarga dromedarlardan — bir o‘rkachli tuyalardan muntazam ravishda yuqishi kuzatilgandi. U aniqlangan 2012 yildan beri ma’lum bo‘lgan 2494 zararlanish holatidan 858tasi o‘lim bilan yakunlangan.

Qaysi hayvon tashuvchi bo‘lgan?

Virus tashuvchi qaysi hayvon ekanligi aniqlanganda, muammo osonlashadi. Bu safar infeksiyani yuqtirish holatlari Uxandagi ulgurji dengiz mahsulotlari bozori bilan bog‘liq edi.  Koronavirusning tashuvchisi bozorda sotiladigan beluxa (Shimoliy qutb dengizida yashovchi yirik delfin) kabi dengiz sutemizuvchilari bo‘lishi mumkin, shuningdek, u yerda tovuq, ko‘rshapalak, quyonlar va ilonlari ham sotiladi. Infeksiya manbasini ular orasidan ham izlash kerak.

Nima uchun bu Xitoyda yuz berdi?

Professor Vulhausning so‘zlariga ko‘ra, bu aholi soni, uning zichligi va virus tashuvchi hayvonlar bilan yaqin aloqada bo‘lishiga bog‘liq. “Hech kim navbatdagi virusning Xitoyda yoki o‘sha mintaqa mamlakatlarida sodir bo‘lganiga ajablanmayapti”. Barcha bemorlarda alomatlar 2019 yil 12 dekabrdan 29 dekabrgacha paydo bo‘la boshlagan. Virus yuqtirgan odamlar boshqa bemorlarga tarqalish xavfini bartaraf etish uchun izolyatorlarda davolanishdi. Bemorlar bilan aloqada bo‘lgan 150 nafardan ortiq odam ham hozirda kuzatuv ostida. Yo‘lovchilarni tekshirish uchun tana haroratini aniqlovchi skanerlar o‘rnatildi. Dengiz mahsulotlari bozori tozalash va zararsizlantirish uchun yopildi.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti nima deydi?

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti Xitoyda tarqalgan yangi tipdagi  koronavirusdan qanday himoyalanish mumkinligi bo‘yicha tavsiyalar berdi. Tegishli tavsiyalar tashkilotning Twitterʼdagi sahifasida e’lon qilindi. JSST mutaxassislari  koronavirusdan himoyalanish uchun quyidagilarga amal qilishni tavsiya qilishgan:

- qo‘llarni sovun bilan yuvish yoki spirtli asosdagi vositalar bilan artish;

- yo‘talganda yoki aksirganda og‘iz va burunni dastro‘mol yoki bilak bilan yopish;

- shamollash va gripp alomatlariga ega odamlarga yaqinlashmaslik;

- go‘sht va tuxumni iste’mol qilishdan oldin termik qayta ishlash;

- yovvoyi hayvonlar va chorva bilan himoyalanmagan aloqalardan qochish.

Yangi virus haqida nimalar ma’lum?

Birinchidan, 2019-nCoV virusi hali odamlarga yuqmagan koronavirusning bir variantidir. Ikkinchidan, koronaviruslar — 38 turdagi viruslarni o‘z ichiga oladigan viruslar oilasi, ularning oltitasi (va yangi virus bilan — yettitasi) odamga yuqadi.

Ikkinchidan, tadqiqotchilarning fikricha, virus odamlarga hayvonlardan yuqqan, ammo u odamdan odamga ham yuqishi mumkin.

Uchinchidan, infeksion belgilari orasida isitma, yo‘tal, nafas qisishi mavjud.

To‘rtinchidan, odamlarga hayvonlarga teginmaslik, yetarli darajada qaynatilmagan yoki qovurilmagan go‘sht va tuxumlardan saqlanish va shuningdek shamollash yoki gripp belgilari bo‘lgan odamlar bilan aloqa qilmaslik tavsiya etilmoqda.

Markaziy Osiyo davlatlar qanday chora ko‘rmoqda?

O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi xorijda bo‘lgan o‘zbekistonliklarga ogohlantirish bilan chiqdi, “xususan Xitoyga borishni rejalashtirayotgan vatandoshlarimizni zaruriy ehtiyot choralarini ko‘rishga“ chaqirdi. O‘zbekiston sog‘liqni saqlash vazirligi mamlakat sarhadlarida xorijdan kelayotgan O‘zbekiston va xorijiy davlatlar fuqarolarini tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish kuchaytirilgani haqida xabar tarqatdi.

Qirg‘iziston esa Xitoydan go‘sht va go‘sht mahsulotlarini olib kirilishini vaqtincha chekladi. Bu haqda Davlat veterinariya va fitosanitar xavfsizlik inspeksiyasi ma’lum qildi. Ta’kidlanishicha, 2019 yilning dekabrida Qirg‘izistonga Xenan viloyatidan 48 tonna o‘rdak go‘shti olib kelingan, go‘shtlarning xavfsizligi veterinariya diagnostikasi va ekspertiza markazida tekshirilgan. Muassasaning ta’kidlashicha, Xenan viloyati yangi virus qayd qilingan Xubey viloyatidan 500 kilometr uzoqlikda joylashgan, barcha holatlarga oydinlik kiritilgunga qadar Xitoydan go‘sht mahsulotlarining olib kirilishga cheklov qo‘yilishi ta’kidlandi. Qirg‘iziston sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, Xitoydan kelgan barcha fuqarolar qo‘shimcha ravishda tekshirilmoqda.

— Hozircha  koronavirus bilan og‘rigan bemorlar bizda qayd qilinmadi. Qirg‘iz-Xitoy chegarasidagi “Irkeshtam” va “Torugart” Nazorat O‘tish punktlarida, shuningdek, aeroportlarda sanitar-karantin punktlari ishlamoqda. Bu punktlarda mutaxassislar Xitoydan kelgan har bir fuqaroni tekshirmoqda. Harorati baland bo‘lgan va yuqumli kasalliklar gumoni bo‘lgan odamlarni aniqlash maqsadida teplovizor ishlamoqda. Xitoyda yangi yil nishonlanishi munosabati bilan 23 yanvardan 1 fevralga qadar Urumchi-Bishkek-Urumchi reysi vaqtincha to‘xtatildi. Xitoyda avj olgan virusdan himoyalanish maqsadida Qozog‘iston, Tojikiston va Rossiya ham o‘z chegaralarida va aeroportlarida sanitar nazoratni kuchaytirdi.

Manba: uza. uz

Kiritildi: 05:45 25.01.2020. O'qildi: 6261 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!