Bugun 23 noyabr, 2026 yil, dushanba

КИР

“Cho‘ponota” posti tugab-tugatilmagan qalqon qal’ami?

A A A
“Cho‘ponota” posti tugab-tugatilmagan qalqon qal’ami?

Prezidentimiz 2017 yil 22 dekabrda mamlakatimiz parlamentiga taqdim qilgan Murojaatnomasida viloyatlar chegarasidagi barcha yo‘l-patrul postlarini tugatish, patrul xizmati stasionar postlari sonini keskin kamaytirish lozimligini alohida ta’kidlagan edi. Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 19 may kunidagi O‘zbekiston Respublikasi yo‘l xavfsizligini ta’minlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida gi qarorida, jumladan, tugatiladigan yo‘l-patrul xizmatining stasionar postlari va patrul post xizmati postlari ro‘yxati tasdiqlanib, bu borada aniq vazifalar belgilab berildi.

Ta’kidlash joizki, davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan Ichki ishlar vazirligi tizimida o‘tkazilayotgan huquqiy islohotlar bugun fuqarolar tinchligi, osoyishtaligi va xavfsizligini ta’minlash bilan birga aholi o‘rtasida qonun-qoidalarga nisbatan itoatkorlikni, ishonch va hurmatni mustahkamlashga puxta zamin yaratmoqda. Islohotlar jarayonida ichki ishlar idoralarining ish uslubi takomillashtirilib, ortiqcha, samarasi past deb topilgan nazorat usullari va mexanizmlaridan voz kechilmoqda. Xususan, mamlakat avtomagistral yo‘llarida, ayrim viloyatlar markazlariga kirish joylarida hashamdor qurilgan, ammo o‘tkazilgan maxsus monitoring tahlillariga ko‘ra natijadorligi past deb topilgan nazorat-tekshirish postlari olib tashlanganligi ko‘pchilik kutgan ijobiy jarayon bo‘ldi. Bu borada qabul qilingan qaror mazkur nazorat maskanlari orqali o‘tadigan avtotransport vositalarining tirbandligini kamaytirish, ortiqcha tekshir-tekshirlarga, suiiste’molchiliklarga nuqta qo‘yib, ming-minglab haydovchi-yu yo‘lovchilarning behuda ovoragarchilikda qolishining oldini olishga huquqiy asos yaratganligi bilan hayotiy ahamiyatga egadir. Biroq...

Adolat nashrining yozishicha, Katta O‘zbekiston trakti ning Samarqand shahriga olib kiradigan Cho‘ponota (M39 Almati Bishkek Toshkent Shahrisabz Termiz avtomobil yo‘lining 1081-kilometridagi Shtab YPX stasionar posti, Samarqand shahri) sobiq nazorat postidagi manzara haydovchilarning ta’bini xira qilmoqdaki, bu holatni ko‘rgan kishilar tekshirishlarning barham topganidan bular bexabarmi, qaror ijrosiga bepisandlik shu ekan-da, deb o‘ylaydi. Sababi, sobiq postdan salgina tashqarida har kuni ertalab besh-olti nafar yo‘l harakati xavfsizligi xodimlari maxsus xizmat mashinalari va shaxsiy avtomobillarini yo‘lga ko‘ndalang qo‘yib, qoidabuzarlarni tutish ilinjida bo‘lishadi. Har safar hujjatlarni va mashina bagajlarini tekshirish jarayonidagi savol-javoblar esa ayrim haydovchilarda bu shakldagi nazoratning qonuniyligiga shubha uyg‘otmoqda. Ba’zi hollarda esa ochiqdan-ochiq tekshiruvlarga, hatto jiddiy tortishuvlarga sabab bo‘lmoqda. Har kuni shu ahvol, har kuni shu manzara...

Samarqand viloyat ichki ishlar boshqarmasi Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasining birinchi otryadiga qarashli mazkur post chindan ham o‘z faoliyatini tiklaganmi? Yo‘l harakati xavfsizligi xodimlarining har kuni jamoaviy bo‘lib mazkur nuqtada ish olib borishlariga me’yoriy asoslar bormi?

Jurnalistik surishtiruvimiz chog‘ida, ya’ni 2019 yil 26 fevral kuni soat 10:40 da ana shu savollarga javob izlab ortyad boshlig‘i Otabek Ablaqulovni topolmadik. Uni mehnat ta’tilida deb aytishdi. Xizmat vazifasini bajarayotgan oddiy xodimlar esa biz olgan tasvirlarni ko‘zdan kechirishgach, To‘g‘ri, bugun kuchaytirilgan tekshirish o‘tkazilayotganiga sabab avtomobil olib qochilganida , deb izohlamoqchi bo‘lishdi. Yana Urgutda bola o‘g‘irlab ketilgan, deyishdi.

Tabiiyki, bu qabildagi hangomatalab javoblardan qoniqmay, viloyat Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasiga murojaat qildik. Bu yerdagi navbatchilik qismi vakili bizga boshqarmaning axborot xizmati bilan bog‘lanishni maslahat berdi. Axborot xizmati boshlig‘i Ravshan Namozov bilan muloqotimiz chog‘ida Cho‘ponota posti tugatilganligi va u o‘z faoliyatini qayta boshlashi uchun asos yo‘qligi bizga rasman bildirildi. U holda 1-otryad xodimlarining jamoaviy bo‘lib mazkur postda nazorat olib borishlarining sababi nimada? Axborot xizmati rahbari bu holni otryad boshlig‘idan bilib olishimizni ta’kidladi. Bu javobdan qoniqmaganimizni sezib, Cho‘ponota posti ko‘pgina viloyatlar va tumanlarga olib boradigan yo‘llarning chorrahasi, shunday bo‘lgach, tekshirishlar bo‘laveradi. Faqat nazoratchi post ichkarisida turib harakat qilmasa bo‘lgani-da, deb tushuntirdi.

Ana endi suratga YAXSHILAB RAZM SOLING! Yo‘l harakati xavfsizligi noziri postning shundoqqina oldida xizmat mashinasini ko‘ndalang qo‘yib, haydovchini savolga tutmoqda. Dalolatnoma to‘lg‘izmoqda. Voqeadan xabardorligimizdan ogoh bo‘lgach, mashinani chetga olib yo‘lni ochib qo‘ydi. Izoh talab qilishimizni bildi, shekilli, otryad binosiga kirib ko‘zdan g‘oyib bo‘ldi. Taxminan yarim soatdan keyin esa postda hech bir nazoratchi qolmadi.

Bu manzara Cho‘ponota postida nazoratchilarning joylashuvi xizmat dislokasiyasi asosida olib borilayotganligi yoki aksincha ekanligi xususida haqli savol paydo qilishi tabiiy. Basharti, nazorat belgilangan dislokasiya asosida bo‘lsa, yo‘l harakati xavfsizligi nozirlari nega xayol o‘tmay xizmat joylarini tark etishdi? Xolisona aytganda, ilgari temir to‘siqlar hamda ogohlantiruvchi belgilar qo‘yilgan, hozir esa olib tashlangan post oldida besh-olti nafar xodimning nonushtaga o‘tirgandek, atigi bir-ikki soatlik mashg‘uloti dan ne ma’no-maqsad bor? Nihoyat, har bir haydovchiga yoki muxbirga avtomobil o‘g‘irlab ketilganligi haqidagi vaj-karsonni takrorlab aytaverishdan biror mantiq bormi?

Axborot xizmati rahbari Ravshan Namozov boshqarma rahbariyati va mas’ul xodimlarning tizim faoliyatini yaxshilash bo‘yicha viloyat televideniyesi orqali teletomoshabinlar bilan muloqot o‘tkazilganligi, unda hamma savollarga javob topish mumkinligini ta’kidlaydi. Muloqotda fuqarolar tomonidan qayd etilgan kamchilik-nuqsonlardan 62 tasi bo‘yicha maxsus dastur ishlab chiqilib, hozirda uni amalga oshirish choralari ko‘rilayotgan ekan. Lekin dasturga kirmay qolgan mavjud kamchiliklarni kim tuzatadi?

Axir Samarqandning soat sayin avtomobillar bilan tirband bo‘lib ketadigan va harakat xavfsizligi nozirlarining zudlik bilan aralashuviga muhtoj ko‘cha, yo‘llari ozmi? Kaftorxona bekatida har kuni shunday tirbandlikka, qoidabuzarliklarga duch kelasiz. Yo‘l harakati xavfsizligi xizmatining atigi bir nafar xodimi haftasiga bir-ikki ko‘rinish berib, tartibni o‘nglamoqchi bo‘lgani qiziq. Qatnov xavfsizligini ta’minlash, qoidabuzarliklarning oldini olishda boshqarma ixtiyoridagi kuchlarni kerakli nuqtalarga to‘g‘ri taqsimlash viloyat YHXB rahbariyatining vazifasi emasmi?

Muxtasar aytganda, tugab-tugatilmagan Cho‘ponota postidan ko‘ngil uzolmayotgan nozirlarning ish yuritishi va rahbariyatning bu holga munosabatidan Siz ham ogoh bo‘ling! Boshqarma rahbariyatining YHXB faoliyatida ochiqlik, hisobdorlik amalda ta’minlanadimi, degan savolimizga javobini esa siz bilan birgalikda kutib qolamiz, aziz mushtariy.

Kiritildi: 13:11 06.03.2019. O'qildi: 3980 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Eng ko'p o'qilgan yangilik