Joriy yilning 12-may kuni “Facebook” ijtimoiy tarmog‘i orqali “Buvayda tumani IIB pasport bo‘linmasidagi bir faoliyat turi bo‘yicha” sarlavhasi ostida xabar berilgandi. Mazkur xabarda buvaydalik ismi sir qolishini istagan fuqaroning Buvayda tumani IIB Migrasiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘linmasida anketa so‘rovnomasini to‘ldirish uchun nohaq pul olinayotganligi to‘g‘risida yozilgan bo‘lib, to‘plangan pullar IIB rahbariyati tomonidan o‘zaro taqsimlab olinayotganligiga ishora qilingan.
Farg‘ona viloyati IIB mazkur holat bo‘yicha rasmiy bayonot berdi.
Internet tarmoqlarida tarqalgan ushbu habar o‘rganilganda, tuman hokimligining qarori bilan fuqarolarga qulaylik yaratish maqsadida Buvayda tumani IIB Migrasiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘linmasi ma’muriy binosidan tashqari hududda xususiy tadbirkorlar tomonidan aholiga xizmat ko‘rsatuvchi va ustama haqi evaziga barcha to‘lovlarni amalga oshirish imkoniyatiga ega shahobchalar faoliyati yo‘lga qo‘yilganligi ma’lum bo‘ldi.
Bu degani, fuqarolar hujjatlarni rasmiylashtirish jarayonida bevosita yuqoridagi shahobchalar xizmatidan foydalanishga majbur ekanligini bildirmaydi.
Tuman IIB MvaFRB binosida ham fuqarolarga qulayliklar yaratilgan bo‘lib, anketa so‘rovnomasini o‘zi to‘ldirishni istagan fuqaro uchun hujjatlarni tayyorlashda namunalar joylashtirilgan. To‘lovlarni esa, istalgan shaklda, ya’ni naqd pul yoki bank plastik kartalaridan foydalanib, bank hamda paynet shahobchalari orqali amalga oshirishlari mumkin.
Shu o‘rinda, aholiga pullik xizmat ko‘rsatayotgan shahobchalar xususiy tadbirkorlik sub’ektlari bo‘lganligi sababli, ularning faoliyatiga aralashish yoki nazorat qilish Buvayda tuman IIB vakolatiga kirmasligini ham eslatib o‘tamiz.
Qolaversa, Buvayda tumani IIB hamda tuman MvaFRB boshlig‘i familiyadosh bo‘lib, tasodifiy o‘xshashlik ularning qarindosh ekanligini anglatmaydi.
Omma e’tiboriga maqola tayyorlab, birovni qoralashdan oldin, mavzuning tag zamiriga yetib, mohiyatini anglab olish zarur.
Ichki ishlar organlari faoliyatiga oid har qanday noo‘rin bildirilgan mulohazalar fuqarolarimiz ongida salbiy fikr shakllanishiga olib kelishi mumkin.