Bundan buyon Qirg‘izistonda ovchi qushlar egalari o‘z jonivorlariga chip o‘rnatish va ular uchun pasport(identifikasiya kartasi) yuritishga majbur bo‘ladi. Bu haqda 24.kg xabar berdi.
Mamlakat atrof muhit va o‘rmon xo‘jaligi davlat agentligi direktori tomonidan shu bo‘yicha buyruq chiqarilgan. Ayni paytda chip va hujjatlarni ishlab chiqish hamda tayyorlash bo‘yicha tanlov e’lon qilingan. Shunday qilib kelgusida chipsiz va pasportsiz ovchi qushlarni Qirg‘izistondan olib chiqib ketish yoki u yerga olib kirish taqiqlanadi, qolaversa, musobaqalarga qo‘yilmaydi.
Bundan oldin ovchi yirtqich qushlarni saqlash va ulardan foydalanish qoidalari tasdiqlangandi. Unga ko‘ra davlat ekologik ekspertizasi ruxsatini olgan shaxslargina ana shunday huquqqa ega hisoblanadi. Barcha qushlar maxsus jurnalga kiritiladi. Ro‘yxatdan o‘tkazilmagani musodara qilinadi.
Boquvchi har bir qushni uch metrga to‘rt metrlik va balandligi uch metrlik atrofi o‘ralgan joy, tegana, suvdon, qo‘noq bilan ta’minlashi kerak. Qush boqiladigan joy tozaligiga qat’iy rioya etilishi, havo aylanish va drenaj kanali tizimi o‘rnatilishi lozim. U yerda havo harorati Selsiy bo‘yicha 25 darajadan yuqori bo‘lmasligi, 15 darajadan past bo‘lmasligi ham belgilab qo‘yilgan.
Qolaversa, ov paytida qushlarning quvvatini oshiruvchi, aslida ularning sog‘ligiga zarar yetkazuvchi preparat(doping kabi)lardan foydalanish ham taqiqlandi. Egasi ovga yaroqsiz qushlar taqdirini davlat mutasaddilari bilan hal etishi lozim. Bu borada uchta yo‘l bor – tabiat qo‘yniga qo‘yib yuborish, reabilitasiya markaziga jo‘natish yoki hayvonot bog‘iga berish.
Hisob-kitoblarga ko‘ra, ayni paytda Qirg‘izistonda 200ga yaqin kishi yirtqich qushlarni boqadi.
Manba: xs. uz