Britaniyalik 120 nafar millioner yangi bosh vazir Endi Byornemga maktub yo‘llab, boylar to‘laydigan soliqlarni oshirishni so‘rashdi. Bu haqda Patriotic Millionaires UK tashkiloti xabar berdi.
Tashabbus Proud to pay («Faxr bilan to‘laymiz») deb nomlandi.
«Millionerlar — vatanparvarlar, biz bu mamlakatni yaxshi ko‘ramiz va uning gullab-yashnashini xohlaymiz. Ammo taraqqiyot uchun sarmoyalar zarur, eng asosiy foydalanilmayotgan pul manbalaridan biri esa aynan bizda — bugungi kunda deyarli soliqqa tortilmayotgan boylikdir. Bizni soliqqa tortishingizni xohlaymiz. Biz shuni o‘zimizga ravo ko‘ramiz. Har tong kun ko‘rish uchun ishga otlanadiganlarning soliqlarini oshiring demayapmiz, balki eng boy kishilar — daromadi o‘z mablag‘lari hisobidan ko‘payayotganlar haqida gapiryapmiz», — deyiladi murojaatda.
Xatni imzolaganlar orasida Angliya terma jamoasining sobiq sardori Gari Lineker, musiqachi Brayan Ino, Greggs kafelar tarmog‘ining sobiq rahbari Ien Gregg, aktyor Juliya Devis, kinorejissyor Richard Kyortis kabilar bor.
Patriotic Millionaires UK tashkiloti o‘tkazgan so‘rovnoma natijalariga ko‘ra, britanlik millionerlarning 80 foizi boyligi 10 million funt sterlingdan oshadiganlar uchun 2 foizlik soliq joriy etilishini qo‘llab-quvvatlaydi, umuman olganda esa, britaniyaliklarning 75 foizi boylikka soliq solish g‘oyasini ma’qullaydi. 10 million funt sterlingdan yuqori boylikka solinadigan 2 foizlik soliq Buyuk Britaniyaga yiliga 24 milliard funt sterling daromad keltirishi mumkin.