Britaniyada koronavirus pandemiyasining ikkinchi to‘lqini yuzaga kelmasligi uchun mamlakatga kelgan deyarli har bir kishi uchun 14 kunlik karantin davri joriy etiladi, deb xabar bermoqda The Times gazetasi. Ushbu qoida iyun oyidan boshlab kuchga kiritilishi rejalashtirilmoqda.
«Ushbu chora-tadbirlar Britaniya xalqini himoya qilishga va virusning tarqalishini kamaytirishga yordam beradi», deydi hukumat vakili.
The Times xabarida aytilishicha, Irlandiya, Kanar orollari va Man orolidan muhim yuklarni olib keladigan yuk mashinalari haydovchilari karantindan ozod qilinadi. Undan tashqari holatlarda tekshiruvlar amalga oshiriladi va qoidalarni buzganlar 1000 funt sterlinggacha (1240 dollar) jarimaga tortilishi yoki mamlakatdan deportasiya qilinishi mumkin.
Buyuk Britaniyada karantin cheklovlari 6 haftadan ko‘proq vaqtdan beri davom etmoqda. Bosh vazir Boris Jonson 10 may kuni xalqqa qiladigan murojaatida koronavirusga qarshi kurashning keyingi bosqichi hamda karantin cheklovlarini asta-sekin yumshatish borasida rejalarni ma’lum qilishi kutilmoqda. Atrof-muhit vaziri Jorj Eustisning so‘zlariga ko‘ra, Jonson hozirgi vaziyatga ehtiyotkorlik bilan yondashadi va karantinni keskin tarzda yumshatmaydi.
Hozirda Buyuk Britaniya koronavirus qurbonlari soni bo‘yicha AQShdan keyin ikkinchi o‘rinda turibdi. Bu mamlakatda kasallanganlar 211 364 nafar bo‘lsa, vafot etganlar 31 241 nafarni tashkil qilmoqda.