13 noyabr kuni Xitoyning Uxan shahrida Braziliyadan keltirilgan mol go‘shti qadog‘ida koronavirus aniqlandi. Xitoy hukumati shu haftada butun mamlakat bo‘ylab muzlatilgan mahsulotlarni tekshiruvdan o‘tkazish ishlarini kuchaytirdi.
Uxan shahar sog‘liqni saqlash komissiyasi o‘z veb-saytida bergan bayonotida Braziliyadan keltirilgan muzlatilgan, suyaksiz mol go‘shtining tashqi qadog‘ida uchta koronavirus namunasini topganligini aytdi. Ushbu go‘sht Xitoy hududiga Sindao porti orqali 7 avgust kuni kirib kelgan va 17 avgust kuni Uxan shahriga yetib borgan. Mol go‘shti shu paytgacha Uxandagi muzlatgichda saqlangan. Ushbu holatdan keyin mazkur korxonada ishlovchi 100 kishi koronavirusga test topshirgan.
Eslatib o‘tamiz, Xitoy iyun oyidan boshidan beri chet eldan import qilingan oziq-ovqat mahsulotlarini ham tekshirishni boshladi. Shundan keyin sentyabr oyigacha import qilingan 3 millionta oziq-ovqat mahsulotini tekshirildi va ularning atigi 22 tasida koronavirus aniqlandi.
Ammo yaqinda portda ishlovchi bir qancha ishchilar COVID-19 ga chalingani uchun Xitoy hukumati xorijdan keltirilgan mahsulotlar bo‘yicha tekshiruvlar va dezinfeksiya ishlarini kuchaytirdi.