Yaponiya bosh vaziri Shigeru Ishiba yangi yil murojaatida mamlakat iqtisodiyotini jonlantirishga va’da berdi. Bu haqda Jiji Press yozmoqda.
Mamlakat aholisi sonining qisqarishini «sukutli falokat» deya ta’riflagan Ishiba Yaponiya va uning hududlari iqtisodiyoti hayotiy qobiliyatini tobora yo‘qotib borayotganidan xavotir bildirdi.
«Biz butun Yaponiyaning hayotiy qobiliyatini tiklaymiz», — dedi bosh vazir. U mamlakatni Tokioga chambarchas bog‘liqliqdan xalos etish hamda jozibador hududlar va shaharlar o‘zaro bog‘langan Yaponiyani qurishga va’da berdi.
Hukumat ish haqlari oshirilishiga ko‘maklashadi, sarmoyalarni ko‘paytirish evaziga o‘sishni ko‘zlayotgan kompaniyalarning kapital qurilishlarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlaydi, deya qo‘shimcha qildi Ishiba.