Bugun 30 aprel, 2024 yil, seshanba

КИР

Boris Jonson 5 noyabrdan 2 dekabrgacha Angliyada lokdaun kiritilishini e’lon qildi

Boris Jonson 5 noyabrdan 2 dekabrgacha Angliyada lokdaun kiritilishini e’lon qildi

Buyuk Britaniya bosh vaziri Boris Jonson Angliyada koronavirus tarqalishiga qarshi 5 noyabrdan 2 dekabrgacha yangi cheklovlar amal qilishini e’lon qildi.

Jonsonning ta’kidlashicha, u 2 noyabrda bu rejani hukumat bilan muhokama qiladi, 4 noyabrda u bo‘yicha parlamentda ovoz berish bo‘lib o‘tadi, 5 noyabrdan esa mamlakatda o‘zini yakkalash rejimi boshlanadi.

Rejaga ko‘ra, 5 noyabrdan Angliya aholisi uyda qolishi lozim. Uyni ish va o‘qish, shifokor huzuriga, do‘konga borish yoki yaqinlariga yordam berish uchungina tark etishga ruxsat beriladi. Bundan tashqari, ochiq havoda sport bilan shug‘ullanish va sayr qilish mumkin bo‘ladi. Maktablar, kollej va universitetlar faoliyatini davom ettiraveradi. 

Bar, pab va restoranlar yopiladi. Umumiy ovqatlanish shoxobchalari faqat buyurtmaning o‘zi bilan olib ketilishiga ishlaydi. Oziq-ovqat do‘konlaridan tashqari boshqa do‘konlar, sartaroshxonalar, go‘zallik salonlari, sportzallar, hordiq chiqarish va ko‘ngilochar maskanlar ishini to‘xtatadi.

Xorijga ish yuzasidan safarlardan boshqa safarlarni amalga oshirish vaqtincha taqiqlanadi.

Bosh vazir ushbu cheklovlar kichik va o‘rta biznesga qattiq zarba berishini tan olgan va tadbirkorlarga ko‘mak ko‘rsatilishiga va’da bergan.

Jonson, shuningdek, pandemiya sababli britaniyaliklar Rojdestvo bayramini odatdagidek nishonlay olmasliklari mumkinligini aytgan. 

Bu cheklovlar faqat Angliyaga taalluqli bo‘ladi. Britaniyaning qolgan hududlari koronavirusga qarshi qanday choralar kiritilishini o‘zi belgilaydi.

Britaniyada so‘nggi sutkada yangi kasallanish holatlari 21 mingdan ko‘proqni, o‘lim holatlari 326tani tashkil qildi. Mamlakatda pandemiya boshidan beri kasallanganlar soni bir milliondan oshdi, ulardan 46,5 mingdan ko‘prog‘i infeksiyadan vafot etdi.

Kiritildi: 09:15 01.11.2020. O'qildi: 2210 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!