1047/1. Abu Muso roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: "Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Kim bomdod va asr namozlarini ado etsa, jannatga kiradi», dedilar (Muttafaqun alayh).
1042/8. Abu Zuhayr Umora ibn Ruvayba roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: "Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni: «Qaysi bir kishi quyosh chiqishi va quyosh botishidan oldin, ya’ni bomdod va asr namozlarini o‘qisa, do‘zaxga tushmaydi», deb aytganlarini eshitdim (Imom Muslim rivoyati).
1043/9. Jundab ibn Sufyon roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: "Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Kim bomdod namozini o‘qisa, u kishi Allohning ahdi va omonidadir. Ey odam bolasi, qaragin! Alloh seni hargiz ahdidan biror narsani zoye qilgan holda topmasin», dedilar (Imom Muslim rivoyati).
(Ya’ni, subhi namozini va qolganlarini ham o‘qigan kishiga yomonlik qilishdan ogohlantirilyapti.)
104/50. Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Sizlarni kechasi bir toifa, kunduzi bir toifa farishtalar kuzatib turadi. Ular bomdod va asr namozida to‘planishadi. So‘ngra sizlar bilan tunaganlari ko‘tariladi. U Zot O‘zi yaxshi bilsa ham, ulardan: «Bandalarimni qay holda tark qildingiz?» deb so‘raydi. «Ularni namoz o‘qiyotgan hollarida tark qildik, borganimizda ham namoz o‘qishayotgan edi», deyishadi», dedilar (Muttafaqun alayh).
1055/1. Jarir ibn Abdulloh al-Bajaliy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallamning huzurlarida edik. U zot oyga qarab turib: «Albatta sizlar Robbingizni mana shu oyni ko‘rgandek ko‘rasiz. U Zotni ko‘rishda bir-biringizga qiyinchilik tug‘dirmassiz. Agar quyosh chiqishi va botishidan oldin namozni boy berib qo‘ymaslikka qodir bo‘lsangiz, shuni qiling», dedilar (Muttafaqun alayh).
Boshqa rivoyatda: "O‘n to‘rt kunlik kechada oyga qaradilar", bo‘lib kelgan.
1056/2. Burayda roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: "Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Kim asr namozini tark qilsa, amalini habata qilibdi», dedilar (Imom Buxoriy rivoyati).
Manba: azon. uz