YPX inspektorini avtomobilda urib yuborib, uning o‘limiga sabab bo‘lgan voyaga yetmagan shaxsga hukm o‘qildi. Bu haqda Toshkent shahar sudlari xabar berdi.
Mirobod tuman sudida Jinoyat kodeksi 104-moddasi 3-qismining “d” bandi bo‘yicha (jabrlanuvchining vafotiga sabab bo‘lgan darajada qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish) Doniyor Turg‘unovga (2010 yilda tug‘ilgan, xususiy maktabning 10-sinf o‘quvchisi) nisbatan yuritilgan jinoyat ishi yuzasidan yopiq sud majlisi nihoyasiga yetdi.
Sud hukmi bilan sudlanuvchi Jinoyat kodeksining qayd etilgan moddasida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etishda aybdor deb topilib, unga nisbatan (JKning 85-moddasi tartibida) 2 yil 4 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Hukmga ko‘ra, jazoni o‘tash muddati sudlanuvchiga nisbatan “qamoqqa olish” ehtiyot chorasi qo‘llanilgan 2026 yilning 27 fevral kundan boshlab hisoblanadi.
Yakunda raislik etuvchi tomonidan taraflarga hukm mazmuni, jinoyat oqibatida yetkazilgan moddiy va ma’naviy zararlarni undirish masalasida fuqarolik tartibida sudga murojaat qilish huquqi hamda sud hukmiga nisbatan shikoyat qilish muddati va tartiblari tushuntirildi.
Ta’kidlash kerak, Doniyor Turg‘unov 25 fevral kuni soat 21:30 larda tanishining opasiga tegishli bo‘lgan BMW avtomashinasini avtomobil yuvish shoxobchasidan xodimlarni ogohlantirmasdan olib chiqib ketgan.
U Mirobod tumani Nukus ko‘chasida harakatlanayotganda transport oqimini tartibga solish maqsadida to‘xtash ishorasini bergan YPX inspektori, kichik serjant Hosilbek Eshnazarovning qonuniy talabiga bo‘ysunmagan. Aksincha, boshqa transport vositalarini xavfli tarzda aylanib o‘tib, inspektorni qasddan urib yuborgan va voqea joyida harakatini davom ettirgan. Hosilbek Eshnazarov esa shifokorlarning harakatlariga qaramasdan vafot etgandi.