Bugun 13 avgust, 2026 yil, payshanba

КИР

BMT jahon hamjamiyatini G‘arbiy sohildagi og‘ir vaziyatdan ogohlantirdi

BMT jahon hamjamiyatini G‘arbiy sohildagi og‘ir vaziyatdan ogohlantirdi

Ishg‘ol qilingan G‘arbiy sohildagi vaziyat zo‘ravonlikning ortishi, Isroil aholi punktlarining kengayishi hamda Falastin ma’muriyatining moliyaviy inqirozi tufayli tobora murakkablashib bormoqda, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri “BMT Yangiliklari”ga tayanib.

Bu haqda Xavfsizlik Kengashi majlisida BMTning Yaqin Sharqdagi tinchlik jarayoni bo‘yicha maxsus koordinatori o‘rinbosari Ramiz Alakbarov ma’lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, bunday murakkab jarayonlar Falastin ma’muriyatini kuchsizlantirmoqda va mustaqil, suveren Falastin davlatini barpo etish istiqbollariga putur yetkazmoqda.

2026 yil boshidan buyon Isroil harbiylari harakatlari oqibatida G‘arbiy sohilda 76 nafar falastinlik, jumladan, 18 nafar bola halok bo‘ldi. To‘qnashuvlarda uch nafar isroillik ham o‘ldirilgan.

2023 yil yanvaridan beri to‘liq yoki qisman ko‘chirilish 127 ta falastinlik jamoasiga ta’sir ko‘rsatdi, ulardan 47 tasi butunlay siqib chiqarildi. 2026 yilda harbiylar zo‘ravonligi, buzishlar va haydab chiqarishlar sababli qariyb 3,8 ming falastinlik ko‘chirildi, ularning qariyb yarmi bolalar.

2026 yil davomida sodir etilgan zo‘ravonliklar bilan bog‘liq 1,4 mingdan ortiq hodisa qayd etilgan bo‘lib, ular 260 ga yaqin falastinlik jamoasiga ta’sir ko‘rsatdi. Ramiz Alakbarovning fikricha, ko‘plab hujumlar Isroil kuchlari ishtirokida sodir bo‘lgan.

Yil boshidan beri qariyb 12 ming 360 ta uy-joy qurish rejasi ilgari surildi. Jumladan, Sharqiy Quddusda 5 ming 160 ta uy-joy barpo etish taklif etildi. Iyul oyida Isroil hukumati 34 ta yangi aholi punktini yaratish uchun 431 million dollar ajratilishini e’lon qildi.

BMT vakili ushbu harakatlar G‘arbiy sohilning amalda anneksiya qilinishiga xizmat qilayotganini ta’kidlab, xalqaro hamjamiyatni “ikki davlat” yechimi istiqbollarini saqlab qolish uchun paysalga solmay harakat qilishga chaqirdi.

Falastin ma’muriyati katta moliyaviy inqirozga duch kelmoqda. Ramiz Alakbarov qayd etishicha, Isroil qariyb 6 milliard dollar miqdoridagi tushumlarni ushlab turibdi. Bu ish haqi to‘lash va asosiy xizmatlarni ko‘rsatishni qiyinlashtirmoqda. 1 sentyabrdan e’tiboran Isroil banklari tomonidan shekeldagi tranzaksiyalarni qayta ishlashning mumkin bo‘lgan to‘xtatilishi qo‘shimcha tahdid solmoqda.

Shu bilan birga, Isroilning BMTdagi doimiy vakili Danni Danon falastinliklarning terrorchilik hujumlari ortib borayotgani hisobga olinmayotganini bildirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, may oyida shunday 348 ta hujum qayd etilgan, yana 408 tasining oldi olingan.

“Bu bugun biz duch kelayotgan xolis yondashuvning yo‘qligidir”, — dedi Danon Xavfsizlik Kengashini zo‘ravonlikning bir tomoniga e’tibor qaratib, ikkinchi tomonini e’tiborsiz qoldirayotganlikda ayblab.

Shuningdek, u Isroilning yahudiy ekstremizmiga qarshi choralari kuchaytirilganini ta’kidladi. 2026 yilning birinchi choragida hukumat 354 ta surishtiruv ochdi va 35 nafar ekstremistni hibsga oldi, iyul oyida esa mart oyidagi 165 taga qarshi shu kabi 116 ta hodisa qayd etildi.

Danni Danon G‘arbiy sohilga Erondan noqonuniy qurol-yarog‘ va moliyaviy resurslar yetkazib berish, jangarilarni tayyorlash hajmi ortib borayotgani, HAMASning yangi terrorchilik infratuzilmasini yaratishga bo‘lgan urinishlarini qayd etdi.

YUNISEF ijrochi direktori o‘rinbosari Hannan Suleymanning ma’lum qilishicha, 2024 yil yanvaridan 2026 yil iyuligacha BMT G‘arbiy sohilda, Sharqiy Quddusda 174 nafar falastinlik bolaning halok bo‘lganini tasdiqladi. 1 ming 500 dan ortiq bola jarohat olgan.

Shu davr mobaynida uch nafar isroillik bola o‘ldirilgan, yana 15 nafari jarohatlangan. G‘arbiy sohildan bo‘lgan 355 nafar falastinlik bola Isroil harbiy qamog‘ida qolmoqda, bu so‘nggi sakkiz yildagi eng yuqori ko‘rsatkichdir.

Hannan Suleyman bolalarni himoya qilishga, falastinlik oilalarni majburiy ko‘chirishni to‘xtatishga, ta’lim va tibbiy yordamdan foydalanishni ta’minlashga hamda gumanitar operasiyalarni himoya qilishga chaqirdi.

Kiritildi: 19:24 12.08.2026. O'qildi: 179 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!