Iqlim hodisasi — El-Ninyo kuchayishda davom etmoqda va yaqin oylarda dunyoning turli mintaqalarida ekstremal ob-havo hodisalari soni ortishiga olib kelishi mumkin, deb xabar beradi BMT axborot xizmati.
Jahon meteorologiya tashkiloti (JMT) prognozlariga ko‘ra, El-Ninyo to‘liq shakllangan va yil oxiriga kelib o‘z cho‘qqisiga yetib, «juda kuchli» hodisaga aylanishi mumkin. Ushbu hodisaning 2027 yil fevral oyi oxirigacha saqlanib qolish ehtimoli deyarli 100 foizga baholanmoqda.
Yaqin oylarda deyarli barcha quruqlik hududlarida havo harorati iqlimiy me’yordan yuqori bo‘lishi kutilmoqda. Shu bilan birga, kuchli qurg‘oqchilik, ekstremal issiq, jala yomg‘irlar va suv toshqinlari xavfi ortadi.
Olimlarni, ayniqsa, Tinch okeani yuzasi ostidagi me’yordan ancha iliq bo‘lgan suvning katta hajmi qiziqtirmoqda. Okeanning ayrim hududlarida iyul va avgust oyining boshlarida chuqurlikdagi suv harorati me’yordan 8 daraja Selsiydan ortiq yuqori bo‘lgan. Ushbu issiqlik zaxirasi qish davomida El-Ninyoni saqlab turishi mumkin.
Mutaxassislar ma’lumotlariga ko‘ra, Tinch okeanining markaziy tropik qismidagi suv yuzasi haroratini tavsiflovchi Ninyo 3.4 indeksi may oyidan iyul oyigacha o‘rtacha 1,5 darajaga me’yordan yuqori bo‘lgan. Iyul oyida bu farq 2 darajaga yetgan, yoz oxirining ayrim haftalarida esa 2,6 darajani tashkil etgan.
El-Ninyo — har 2-7 yilda bir marta yuzaga keladigan tabiiy iqlim hodisasi bo‘lib, Tinch okeanining ekvatorial mintaqasidagi markaziy va sharqiy qismlarida suvning isishi natijasida paydo bo‘ladi. U atmosfera sirkulyasiyasiga ta’sir ko‘rsatib, sayyoramizning turli hududlarida yog‘ingarchilik va harorat taqsimotini sezilarli darajada o‘zgartirishi mumkin.
Hozirgi sikl Jahon okeanidagi yuqori harorat fonida rivojlanmoqda. Olimlar El-Ninyoning chastotasi yoki intensivligini antropogen iqlim o‘zgarishi bilan bevosita bog‘lamasa-da, issiqroq atmosfera va okean uning oqibatlarini kuchaytirishi mumkin.
Prognozlarga ko‘ra, sentyabr oyidan noyabr oyigacha deyarli barcha quruqlik hududlarida havo harorati iqlimiy me’yordan yuqori bo‘ladi. Biroq oqibatlar mintaqalarga qarab farq qiladi: dunyoning ayrim qismlarida kuchli yog‘ingarchilik va suv toshqinlari ehtimoli oshsa, boshqa hududlarda qurg‘oqchilik va ekstremal issiq xavfi kuchayadi.
El-Ninyoning kuchayishi munosabati bilan JMT milliy gidrometeorologiya xizmatlari bilan hamkorlikni faollashtirdi. Asosiy vazifa — prognozlar aniqligini oshirish va erta ogohlantirish tizimlarini kuchaytirish.
Ushbu chora-tadbirlar mamlakatlarga qishloq xo‘jaligi, sog‘liqni saqlash, energetika va suv ta’minoti sohalarida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan oqibatlarga tayyorgarlik ko‘rishda yordam berishi kerak.
Kiritildi: 14:55 04.09.2026.
O'qildi: 668 marta.
Fikrlar soni: 0 ta.