AQSh Federal aviasiya ma’muriyati ma’lumotlariga ko‘ra, Cessna 550 rusumli biznes-klass samolyoti San-Diyego shahrining turar-joy hududiga qulab tushgan, deb xabar bermoqda BBC.
Hozircha jabrlanganlari haqida ma’lumot yo‘q, shuningdek samolyot bortida kimlar bo‘lgani ham noma’lum. Ushbu modeldagi samolyot olti-sakkiz kishini tashiy oladi. BBC xabar berishicha, u ko‘pincha ikki uchuvchi va bir nechta yo‘lovchili biznes-jet sifatida foydalaniladi.
Mahalliy vaqt bilan ertalab halokat sodir bo‘lgan hududda tuman bo‘lgan. Samolyot San-Diyegodagi Merfi-Kenion tumaniga qulagan. Ma’lum bo‘lishicha, yerda 15 ta uy alanga olgan.
Mahalliy hokimiyat bir nechta mahalla aholisini xavfsiz joyga ko‘chirgan. Mahalliy o‘t o‘chirish xizmati boshlig‘i o‘rinbosari matbuot anjumanida ta’kidlaganidek, "u yerda hamma narsa reaktiv yoqilg‘iga to‘lib ketgan." Shuningdek, uning aytishicha, qulagan samolyot zarbasidan bir nechta turar-joy binosi bevosita shikastlangan.